Samarqand shahri aholisi tomonidan bildirilgan murojaatlarning birortasi e’tibordan chetda qolmayapti
Bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralari uchun emas, davlat idoralari xalqimiz uchun xizmat qilishi kerak”, degan g‘oya hayotimiz mazmuniga aylanib ulgurdi. Shu bois odamlarning davlat idoralariga dardini bemalol aytishi, idoralar rahbarlari bilan yuzma-yuz gaplashishi, muammolariga qisqa vaqt ichida yechim topishi uchun qulay imkoniyat yaratilmoqda.
Bu borada Prezidentning joylardagi Xalq qabulxonasi odamlar va davlat idoralari o‘rtasida ishonchli ko‘prik vazifasini o‘tamoqda. Joriy yilning 10 oyi davomida Samarqand shahar Xalq qabulxonasiga 1387 ta murojaat kelib tushganligining o‘zi buning yorqin misolidir.
Ma’lumot uchun aytish mumkinki, murojaatlarning 558 tasi qanoatlantirilgan. Shuningdek, 671 ta murojaat bo‘yicha tushuntirish berilgan, ayni paytda 158 ta ariza va shikoyat ko‘rib chiqilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, murojaatlarning aksariyati uy-joy bilan ta’minlash, kommunal to‘lovlar, ichki ishlar hamda prokuratura organlari faoliyati, majburiy ijro byurosi, gaz, elektr energiyasi va suv ta’minotida yuzaga kelayotgan muammolarga oid. Mutassadilar ularning o‘z vaqtida hal etilishi bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqishgan.
Muhimi, Xalq qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlarning birortasi ham e’tibordan chetda qolayotgani yo‘q. Ko‘rsatilayotgan xizmatlarning shaffofligi, sifati va tezkorligi bois, bugun fuqarolarimiz ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflamasdan, muammolariga yechim topmoqda.
Misol uchun, Toyloq tumanida yashovchi fuqaro S.Subxonovning murojaati asosida “Yoshlar - kelajagimiz” jamg‘armasidan imtiyozli kredit ajratilgan.
Urgut tumanida yashovchi fuqaro X.To‘ychiyevning “Grant Xavs” mas’uliyati cheklangan jamiyatidagi mehnat faoliyati uchun ololmayotgan ish haqi Xalq qabulxonasi mutaxassislarining aralashuvi bilan undirib berilgan.
Samarqand shahrida yashovchi fuqaro O.Murenko tomonidan 2019 yil 20 sentyabr kuni elektr energiyasidan noreal qarzdorlik to‘g‘risida murojaat qilgan. Ushbu murojaat Samarqand shahar prokuraturasiga ko‘rib chiqish uchun yuborilib, qayta hisob-kitob davrida fuqaroda 35 ming 695 so‘m haqdorlik borligi aniqlandi.
Xalq qabulxonasi tomonidan sektorlar rahbarlari ishtirokida joylarda tashkil etilgan sayyor qabullar jarayonida 1650 ta murojaat ro‘yxatga olingan. Ahamiyatlisi, ularning 441 tasi joyida hal etilib, 717 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan. Qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan 658 ta murojaat mutassadi tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
B.RAHMONOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand shahridagi Xalq qabulxonasi mutaxassisi.