Samarqand shahrida tezyurar avtobus yo‘nalishi yo‘lga qo‘yiladi
Samarqand shahrida yo‘lovchilarga zamonaviy, sifatli transport xizmati ko‘rsatish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasidan 100 ta yumshoq o‘rindiqli, sovutgichli va pandusli zamonaviy avtobuslar olib kelinishi rejalashtirilgan.
- Shahardagi “Hazora” va “Siyob” avtoshohbekatlarini bog‘lovchi yangi avtobus yo‘nalishi yo‘lga qo‘yilishi ham mo‘ljallangan, - deydi viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jo‘rabek Qorjovov. – Bu yo‘nalishda Xitoydan keltiriladigan zamonaviy 16 metrlik tezyurar avtobuslar harakatlanadi. Ular uchun maxsus yo‘l quriladi va bu yo‘ldan faqat shu avtobuslargina harakatlanadi. Yo‘nalish 2021 yil Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Shahrimizda yangi yo‘l qurilsa, yana yo‘l kengaytirilishi uchun bino va inshootlar buzilishi, “snos”ga tushar ekanda, degan savol tug‘ilishi mumkin. Yo‘q, faqat shu yo‘nalishdagi markaziy ko‘chalarning o‘rtasidan xuddi tramvaydek avtobuslar harakatlanishi uchun yo‘llar rekonstruksiya qilinadi.
Matbuot uyida viloyat transport boshqarmasi mutasaddilari bilan o‘tkazilgan anjumanda shu haqda aytildi.
Shuningdek, anjumanda jamoat transporti xizmatlarini ko‘rsatishdagi muammolar va ularning yechimi yuzasidan ham ma’lumotlar berildi.