Samarqand shahrida yana uy-joy mojarosi. Masalani viloyat hokimi borib o‘rgandi
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov shu yil 26 aprel kuni Samarqand shahrida o‘tkazgan sayyor qabulda murojaat qilgan fuqarolarning ayrimlariga «Masalani joyida o‘zim ko‘raman, muammoga birgalikda yechim izlaymiz», degan edi.
Bugun, 27 aprel kuni Erkinjon Turdimov Samarqand shahar hokimi Furqat Rahimov hamda masalalarga mas’ul korxona-tashkilot rahbarlari va mutasaddi xodimlar bilan ana shu murojaatlarni o‘rgandi.
Hokim dastlab shahardagi Tinchlik mahallasida bo‘lib, mahalla raisi Nasiba Davronova hamda shu mahallada yashovchi yetti nafar fuqaroning hududda 1958 yilda qurilgan ikki qavatli 49-uy buzilishi va o‘rnida besh qavatli zamonaviy turar-joy bunyod etilishiga ayrim fuqarolarning qarshilik ko‘rsatayotgani, oqibatda 16 oila ijarada yashab kelayotgani haqidagi murojaatini o‘rgandi.
Aniqlanishicha, ushbu eski uy o‘ta ta’mirtalab bo‘lib, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida buzilishi, uning o‘rnidan yangi, zamonaviy bino qurilishi belgilangan. Bu borada barcha zarur hujjatlar, dalolatnomalar bor. Biroq o‘tgan 1,5 yil davomida uning qurilishini zimmasiga olgan Samarqand shahridagi «Silk voyage» mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish ishlarini boshlolmay ovora. Chunki mavjud 18 xonadondan 16 xonadon egalari quruvchi tomonidan bildirilgan taklif – yangi uy qurilgach, ularga tegishli 40 kvadrat/metr maydonga ega kvartira o‘rniga 80 kvadrat/metrli kvartira berilishiga rozi bo‘lishgan. Biroq shu uyning 16- va 18-xonadonlarida yashovchi Shahnoza va Dilorom Roziqovalar quruvchi taklifini rad etib, undan ko‘proq pul talab qilgan va bugungacha uydan chiqmay kelmoqda. Qurilish tashkiloti rahbari bu fuqarolarni rozi qilish uchun hatto o‘zlari yashayotgan mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 40- va 44-ko‘p qavatli uylardan ikki va uch xonali, zamonaviy ta’mirlangan, barcha sharoitga ega ikkita kvartirani xarid qilib bergan. Ular bu taklifni ham rad qilgan.
Hokim fuqarolar, quruvchilar bilan suhbatlashib, vaziyatni o‘rgandi va Dilorom va Shahnoza Roziqovalarga taklif etilgan xonadonlar holatini ko‘rdi.
- Bir oila emin-erkin, barcha sharoitlardan bahramand holda yashashi uchun xonadon zarur bo‘lsa shuncha bo‘ladi-da, - dedi hokim. – O‘n olti oilaning ijarama-ijara yurib qiynalayotgani, o‘n olti oilaning qachon eski uy buziladi-yu qachon yangisi qurilib, ko‘chib o‘tamiz, deya xavotirda yurganini siz ham his qilishingiz kerak. Yo‘ldan chiqsang ham, eldan chiqma, degan gap bor xalqimizda. Shu xonadonlarga ko‘chib o‘ting, quruvchi ishini boshlasin.
Ammo D.Roziqova quruvchidan talab qilgan katta summani olmas ekan, xonadonni bo‘shatmasligini bildirdi. Shundan so‘ng hokim vaziyat bilan bog‘liq ayrim faktlarni bayon etdi. Unga ko‘ra, aslida D.Roziqova yashayotgan 18-xonadon uning singlisi Shahnoza Roziqovaga tegishli. Dilorom Roziqova bu uyga 2018 yil 25 dekabr kuni doimiy ro‘yxatga qo‘yilgan. Sh.Roziqova yashayotgan 16-xonadon esa Umida Roziqovaga tegishli. «O‘yin»ni qarangki, Sh.Roziqova bu xonadonga vaqtincha ro‘yxatga qo‘yilgan.
Shahnoza Roziqova o‘z uyi bo‘la turib nima uchun bir manzilda boshqa xonadonga vaqtincha ro‘yxatga qo‘yilgan? Bundan ko‘zlangan manfaat nima? Nega bu uyda yashagan boshqa fuqarolar hech qanday e’tirozsiz bildirilgan taklifni qabul qilganu opa-singillar rad javobini bermoqda. Maqsad nima o‘zi? E.Turdimov bu savollarga javobni huquq-tartibot idoralari xodimlari javob berishi, masala sud tartibida hal etilishini ta’kidladi.
Shundan so‘ng viloyat hokimi sayyor qabulda murojaat qilgan yana bir fuqaro - Samarqand shahridagi Sug‘diyona mahalla fuqarolar yig‘inidagi 68-uyda yashovchi Rustam Ablyalimovning mahalla hududidagi ko‘p qavatli turarjoy binolari oldidagi bolalar maydonchasi o‘rnida noqonuniy qurilish ishlari olib borilayotganligi haqidagi murojaatini o‘rgandi.
Mazkur bino qurilishi Samarqand shahridagi “Shohruz obod qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan boshlangan va bugungi kunda ayrim fuqarolarning qarshiligi tufayli to‘xtatib qo‘yilgan. Mana, qariyb ikki yil o‘tibdiki, boshlangan qurilish ishlari oxiriga yetmayapti.
Bu yerda loyiha asosida 5 qavatli turar joy binosi qurilib, 250 kvadrat/metr maydonda mahalla markazi, profilaktika inspektori uchun xona, kutubxona, sport zali qurilishi belgilangan. Ushbu loyiha viloyat qurilish boshqarmasi, Samarqand shahar hokimligi tomonidan tasdiqlangan. Lekin mahallada yashovchi ayrim fuqarolar turli vajlar bilan qurilishni to‘xtatgan.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov masala yuzasidan aholi va quruvchini tinglab, o‘z fikrini bildirdi.
- Aslida ko‘p qavatli uylar orasida bu tarzda yirik qurilish olib borish mumkin emas, - dedi viloyat hokimi. – Biroq ikki yil avval Samarqand shahrida bunday holatlar ko‘p bor kuzatildi. Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, bo‘sh joylar uy-joy qurish uchun ajratib berilgan. Agar bu masalalarni chuqurroq o‘rganadigan bo‘lsak, vaziyat butunlay o‘zgarib ketadi. Shu sababli, endi avvalgi qarorlar asosida boshlangan qurilishlarni oxiriga yetkazishga majburmiz. Lekin mana shu qurilishni amalga oshirayotgan tadbirkor atrofdagi ko‘p qavatli uylarda yashayotgan aholi uchun noqulaylik tug‘dirmasligi, aksincha hududni obod etib, aholiga imkon qadar ko‘proq qulaylik yaratishga burchli hisoblanadi.
Shu jihatdan mana shu inshoot qurilishi ham endi zarur talablar asosida bitkaziladi. Quruvchi ushbu binodan mahalla markazi, profilaktika inspektori uchun xona, kutubxona, sport zal ajratib beradi. Shu bilan birga aholi uchun turli ma’rakalar o‘tkaziladigan ochiq va yopiq holdagi maskan, zamonaviy bolalar maydonchasi bunyod etadi.
Bu taklif aholi va quruvchiga ma’qul bo‘ldi. E.Turdimov Samarqand shahar hokimiga ob’yekt qurilishi jarayonlarini qat’iy nazorat qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.