Samarqand shahrida yo‘lovchilarni tashishda muammolar ko‘p, ammo...
Viloyat transport boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan press-tur avvalgilariga o‘xshamadi. Sababi, odatda bunday tadbirlarda jurnalist va blogerlarga sohada erishilayotgan yutuqlar haqida ma’lumot berilardi. To‘g‘ri, press-tur ishtirokchilari Samarqand shahri aholisi va mehmonlari uchun transport xizmati ko‘rsatuvchi ayrim korxonalar faoliyati hamda sohadagi yangiliklar bilan tanishdi. Shu bilan birga ba’zi korxona rahbarlari bilan qilgan suhbatlar davomida tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarni ham eshitdi.
Birinchi manzil "Tramvay liniyalarini ekspluatatsiya qilish" direksiyasi bo‘ldi.
- Loyiha qiymati 5 milliard 960 million so‘mlik qurilish ishlarini olib boryapmiz, - deydi “Bunyodkor shijoat quruvchi” xususiy korxonasi ish yurituvchisi Ro‘ziboy Abdualimov. – Bu yerda bir vaqtning o‘zida 8 ta tramvayni ta’mirlashga mo‘ljallangan zamonaviy ustaxona va ikki yulakdan iborat vagon yuvish ayvonlari bunyod etilyapti. Ishni shu yilning oktyabr oyida yakuniga yetkazamiz.
Shu paytga qadar vagonlarni yuvish va ta’mirlash ishlari ochiq maydonda bajarilar edi. Bu, albatta, xodimlar uchun qiyinchilik tug‘dirardi. Mazkur binolar foydalanishga topshirilgach, muammoga yechim topiladi, ishchilar uchun qulayliklar yaratiladi.
Press-tur ishtirokchilari “Temir yo‘l vokzali – Sartepa” yo‘nalishida harakatlanayotgan tramvaylar faoliyati bilan ham tanishdi.
Keyingi manzil “Tohirbek universal trans” MChJ bo‘ldi. Shu yerda jurnalistlar aholini qiynab kelayotgan muammolarni o‘rtaga tashlab, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mazkur korxona rahbari va viloyat transport boshqarmasi mas’ullaridan javob olishga harakat qildi. Shaharda harakatlanayotgan ayrim taksilarning sanitariya-gigiyena talablariga javob bermasligi, haydovchilarning yo‘lovchilar bilan yaxshi muomalada bo‘lmasligi aytildi. Mas’ullar esa bu kabi muammolarni bartaraf etishda keng jamoatchilikni jalb etish kerakligi, yo‘lovchilar o‘z haq-huquqlarini talab qilish zarurligi, haydovchi va yo‘lovchilarga tushuntirish ishlari olib borishda esa OAV vakillarini o‘rni alohida ekanligini ta’kidladi.
Tadbir davomida “Alishoh trans servis” hamda “Sevinch trans servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari avtosaroyiga ham sayohat uyushtirildi. Bu yerda korxona rahbarlari yo‘lovchilarni qiynayotgan muammolarni jurnalist va blogerlardan oldinroq o‘rtaga tashlab, ularning kelib chiqish sabablari, bu borada tadbirkorlar o‘zlari boshidan kechirayotgan qiyinchiliklar haqida gapirdi.
- To‘g‘ri, bugungi kunda yo‘lovchilarni qiynayotgan muammolar talay, - deydi “Alishoh trans servis” MChJ rahbari Asqar Rahimov. - Ammo yo‘lovchilarning ham madaniyatsizligi bizni qiynaydi. Masalan, ularning ayrimlari avtobuslarning o‘rindiqlariga chizib, jildlarini yirtib ketishadi. 100 so‘m qaytim muammosini ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qiladiyu, ammo haydovchidan talab qilishga iymanadi. Kech soat 19:00 dan keyin avtobuslar qatnamasa hamma yoqqa jar solishadi, ammo biz avtobuslar harakatini kechgacha uzaytirsak, noqonuniy yo‘lovchi tashuvchi “Damas” avtomashinalari kelib qolsa, biz qo‘ygan avtobuslarga chiqishmaydi. Kam yo‘lovchi bilan harkatlanish esa avtobuslarimiz harakati uchun moddiy zarar. “Subsidiya” yoki “Dotatsiya” degan imtiyozlar hali bizga berilgani yo‘q. Aksincha, pandemiya davrida 6 oy davomida korxonamiz faoliyati to‘xtatildi. Bir tiyin kirim bo‘lmadi, ammo olgan kreditlarimizning foizlarini to‘lashga majbur bo‘ldik.
Shu va boshqa masalalarga aniqroq oydinlik kiritish maqsadida transport sohasi va unga aloqador boshqarma mas’ullari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazishga kelishib olindi.
To‘lqin Siddiqov.