Samarqand shahridagi “Tabaka 24”da bazm uyushtirganlar jazolanadimi?

Joriy yilning 11 may kuni kech soat 22:30 larda Samarqand viloyati davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi inspektorlari bilan birgalikda IIB xodimlari va “Sevimli” telekanali xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Samarqand shahrining Beruniy ko‘chasida  joylashgan “Tabaka 24” umumiy ovqatlanish majmuasi binosida tayyorlangan taomlarni yetkazib berish (dostavka) xizmati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, karantin talablariga bo‘ysunmagan holda 12 nafar fuqaro yig‘ilib, bazm tashkil qilganliklari aniqlangan.

Ushbu huquqbuzarlik O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 23 apreldagi “COVID-19 pandemiyasi davrida cheklash tadbirlarining qo‘llanishi sharoitida davlat idoralari va boshqa tashkilotlar, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyatini tashkil qilish to‘g‘risida”gi vaqtincha sanitariya qoida va me’yori talablarining qo‘pol ravishda buzilishiga sabab bo‘lgan.

Viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi inspektorlari va IIB xodimlari bazm ishtirokchilariga tanbeh berishganida huquqbuzarlar noto‘g‘ri tushunib, xodimlarga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lgan va zo‘ravonlik ham haqorat so‘zlarni ishlatishgan. Shundan so‘ng huquqbuzarlar IIB xodimlari tomonidan Samarqand shahridagi 4- IIB bo‘limiga olib ketilgan.

Samarqand viloyati davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi axborot xizmati.