Samarqand shahrining me’moriy qiyofasini birgalikda saqlaylik!
Samarqand shahri o‘zining tarixiy maskanlari, qadimiy obidalari hamda ulug‘ alloma va mutafakkirlari bilan yer yuzidagi 50 ta eng go‘zal shahar nomi kiritilgan ro‘yxatning 6-pog‘onasidan o‘rin egallagan.
Salkam uch ming yilga yaqin tarixga ega Samarqand shahri dunyo ahli tasavvurida o‘zining betakror tarixiy obidalari va me’moriy qiyofasi bilan sharq gavhari sifatida taassurot uyg‘otib, jozibadorligi jihatidan tarixiy shaharlar ichida ajralib turadi.
Shaharda yaratilgan me’moriy obidalarda olib borilgan ulkan tiklash va ta’mirlash ishlari natijasida uning ko‘hna qiyofasi saqlab qolindi.
Samarqand shahrining tarixiy markazi YuNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilishi uning dunyo miqyosida e’tirof etilishiga yorqin misol bo‘la oladi. Aniqroq qilib aytganda, tarixiy markaz Umumjahon merosi qo‘mitasi qarori asosida (2001 yil, Finlyandiya Xelsinki shahrida 25-sessiya) “Samarqand - madaniyatlar chorrahasi” nomi bilan (“Afrosiyob” qal’asi, Temuriylar davri va Yevropa uslubidagi XIX-XX asrlarda barpo etilgan imoratlar) Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan va Oliy Majlisning 1995 yil 22 dekabrdagi qarori bilan ratifikatsiya qilingan.
Bugungi kunda viloyatimizda 1607 ta moddiy-madaniy meros ob’yektlari mavjud. Ularning 973 tasi arxeologiya, 564 tasi arxitektura, 36 tasi monumental san’at asarlari hamda 34 tasi diqqatga sazovor joylar hisoblanadi.
Keyingi yillarda moddiy-madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish, ulardan oqilona foydalanish va yurtimizning sayyohlik salohiyatini oshirishda ularning o‘rni va ahamiyatini oshirish hamda moddiy madaniy meros sohasidagi davlat nazoratini tubdan takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilib, qaror va farmonlar qabul qilingan. Biroq shunga qaramasdan davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros ob’yektlarini buzish yoki ularga shikast yetkazish kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘yilayotganligi me’moriy obidalar taqdirini xavf ostida qoldirmoqda. Shu bois davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros ob’yektlarini avaylab, asrash ustidan prokuror nazorati o‘rnatilib, bu kabi qonun buzilish holatlari bo‘yicha ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik kuchaytirildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 15 yanvardagi “Turizm, madaniyat, madaniy meros va sport sohalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, Bosh prokuraturada sport, madaniyat, madaniy meros va turizm sohalaridagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlarining katta yordamchilari lavozimlari joriy etildi.
Unga asosan sport, madaniyat, madaniy meros va turizm sohalarida, shu jumladan, ob’yektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlariga ajratilgan Davlat byudjeti mablag‘laridan oqilona, tejamkor va samarali foydalanilishini nazorat qilish asosiy vazifalardan biri etib belgilandi.
Moddiy madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshiriladigan barcha qurilish-ta’mirlash ishlarini shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari asosida tegishli ruxsatnoma va xulosalarni olgan holda olib borish talab etiladi. Ushbu talablarni bajarmaslik jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 132-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, unga ko‘ra moddiy-madaniy meros ob’yektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi belgilab qo‘yilgan.
Qisqa vaqt ichida moddiy-madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish qoidalarini, shuningdek, o‘zboshimchalik bilan amaldagi normativ hujjatlar hamda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini buzib, tegishli ruxsatnomasiz, o‘zboshimchalik bilan noqonuniy qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borganliklari uchun 96 nafar huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Aniqlangan qo‘pol qonunbuzarliklar yuzasidan 6 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 80,8 mlrd. so‘mlik yetkazilgan zararni qoplash maqsadida 75,5 mlrd. so‘mlik mol-mulklar xatlanib, undirib olindi.
O‘zining shaxsiy manfaatini ko‘zlagan holda qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshiradigan shaxslarning noqonuniy harakatlariga nisbatan o‘z vaqtida barham berilib, jazo muqarrarligi ta’minlanadi.
Ajdodlarimiz tomonidan asrlar davomida yaratilgan ulug‘vor va muhtasham shahrimizni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylab, ularni kelajak avlodga bus-butunligicha yetkazilishida har birimiz mas’ulmiz. Tarixiy, ma’naviy va madaniy merosni avaylab, asrash esa har birimizning konstitutsiyaviy, qolaversa fuqarolik burchimizdir.
Akram Pardayev,
viloyat prokurorining katta yordamchisi.