Samarqand transporti: tirbandliklarga nima sabab bo‘lyapti?
Bugun Samarqand shahrining transport muammosi aytilaverib siyqasi chiqqan mavzu bo‘lsa ham baribir dolzarbligicha qolaveradi. Chunki Samarqand million aholi istiqomat qiluvchi shaharga aylantirilmoqda. Yirik shaharlarda esa jamoat transporti masalasi har doim ham dolzarb bo‘lib qolaveradi. Bugungi kunda shahrimizning tor va qing‘ir-qiyshiq ko‘chalari yonidagi uy-joylar «snos» qilish evaziga buzilib, yo‘llarimiz kengaytirilib, obodonlashtirilmoqda. Jumladan, Rudakiy ko‘chasida yer osti tunneli, Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasidagi yirik yo‘l o‘tkazgich, Gagarin ko‘chasining Rudakiy ko‘chasi bilan kesishgan qismidagi aylanma yo‘l, Dahbet, Panjakent ko‘chalaridagi tabiiy gaz, oqova suv hamda kommunikatsiya tizimlari yangilandi. O‘zbekiston, Amir Temur ko‘chasida piyodalar va veloyo‘laklar qurilmoqda.
Qayta-qayta ta’mirdan chiqmagan ko‘chalar…
Biroq ta’mirlash ishlari olib borilgan ko‘chalarni aylansangiz deyarli barchasida chala ko‘milgan ariq, ochiq qolgan kommunikatsiya quduqlariga duch kelasiz. Yo‘l chetida sochilib yotgan qurilish chiqindilari shu atrofda quruvchilar ishlayotganidan darak beradi. Jumladan, Rudakiy, Dahbet ko‘chalari yoqasida beton parchalari, ohak va qizilqum uyumlarini ko‘rish mumkin. Dahbet ko‘chasidan Motrid ko‘chasiga tabiiy gaz va oqova tizimlari tortilganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Biroq yana qazish ishlari olib borilmoqda. Bu holat nafaqat shu hududda yashovchilar, balki jamoat transportining harakatlanishiga ham xalal bermoqda.
Ko‘chalarimiz obod bo‘lgani yaxshi, biroq har ikki kunda qayta kovlanavergani aholining g‘ashiga tegib, haydovchilarning xunobini oshirmoqda.
- Har kuni ertalab Motrid ko‘chasi orqali ishga kelishimda Ibn Sino ko‘chasiga chiqish uchun qariyb 25-30 daqiqa tirbandlikda turishga majburman, -deydi Payariq tumanidan Sohib Nizomov. – Chunki bu yerda 6 oydan buyon qazish- ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Ba’zida ikki tomonda ham ta’mirlash ishlari boshlab yuborishsa, dardingni kimga aytishingni bilmay qolasan. Ming bir azobda mahallaning aylanma tor ko‘chalari bilan yurishga majbur bo‘lasan. Axir bir ko‘chada ish boshlashdan oldin mashinalar harakatlanishi uchun boshqa bir ko‘chani soz qilib, tayyorlab qo‘yishsa bo‘lmaydimi?
Motrid ko‘chasining M39-avtomagistralga chiqish qismida ta’mirlash ishlari yakunlanganiga ikki oydan oshdi. Biroq haligacha yo‘lsozlar chala ishlarni tugatgani yo‘q. Natijada o‘ydim-chuqur asfalt yo‘l yana boshdan yemirilib bormoqda.
Naqdsiz to‘lovga qachon o‘tamiz?
Avgust oyi ancha sokin va tartibli o‘tdi. Ko‘p yo‘llar berk bo‘lsada, jamoat transportida jiddiy muammolar bo‘lgani yo‘q. Biroq o‘quv yili boshlangach, yana avtobuslarning yo‘lovchi olish ilinjida quvlashmachoq o‘yinlari, taksilarning bir–birini quvib kim o‘zarga haydashi kuzatilmoqda. Ayniqsa, 66, 52, 18, 14-raqamli yo‘nalishlarda «bosib» yurgan avtobus haydovchilariga qachon insof kirishini hech kim bilmaydi.
Viloyat hokimining qaroriga ko‘ra, 2016 yil 1 maydan boshlab Samarqand shahrida yo‘lovchi tashuvchi jamoat transportida yurish yo‘l kira haqi naqd pulsiz, maxsus jetonlar vositasida amalga oshirishishi kerak edi. Biroq keyinchalik tezcardlarga almashtirildi. Biroq shundan keyin ham «Avtobusda yo‘lovchilarga nega qaytim berilmayapti?», «Nega, avtobuslarda “Teckard” to‘lov tizimi ishlamayapti?» degan savollar tinmayapti.
Shahardagi 52-yo‘nalishdagi avtobus yo‘lovchilari yo‘l haqini faqat naqd pul bilan to‘lab ketishmoqda. Haydovchidan nega to‘lovni faqat naqd pulda olayotgani, nima uchun elektron to‘lovdan foydalanmayotganini so‘radik.
- Odamlarda «Yo‘lovchi chiptasi» yo‘qligi sababli validator uskunasini ishlatganim yo‘q, - deydi o‘zini tanitishni istamagan haydovchi. - Hali birorta yo‘lovchi ham elektron chiptalaridan pul to‘lamoqchiligini aytmadi. Hamma naqd pulda to‘layapti.
Samarqand temiryo‘l vokzalidan kelayotgan 3-yo‘nalishli avtobusda ham shu ahvol. Yo‘lovchilar yangi elektron tizimdan foydalanib to‘lovlarni amalga oshira olmayapti. Chunki «Sayqal trans» MChJga qarashli mazkur avtobus haydovchisi ham elektron to‘lov uskunasini ishlatgani yo‘q.
- Yozgi ta’tilga chiqishdan ilgari doim yo‘lovchi chiptasini ishlatib kelganman, - deydi Past Darg‘omlik SamDU talabasi Ilhom Karimov. – Ikki kundan buyon avtobusga minayotgan bo‘lsam-da, hali birortasida validator borligini ko‘rmadim. 1,5 ming so‘mdan to‘lab tushishga majbur bo‘lyapman. Mayda yo‘q deb, qaytim ham berishmayapti.
“Tezcard” MChJ tomonidan shahrimizning Dahbet, Mustaqillik, Buyuk Ipak yo‘li, Beruniy ko‘chalarida, shuningdek, Universitet xiyoboni kabi 13 hududda “Tezcard” yo‘lovchi chiptalari sotadigan shoxobchalar tashkil etilgandi. Naqd pulsiz ishlaydigan ushbu tizim doimo avtobusda yuradiganlarga, jumladan, talaba va o‘quvchilarga ma’qul kelgan edi. Ammo, keyinchalik haydovchi va konduktorlar validator ishlamayotganini bahona qilib, yo‘lovchilardan naqd pul berishlarini talab qila boshladi. Ayniqsa, karantin davrida bu tizim butunlay to‘xtab qoldi.
«Aroq zavod – Bulvar - Pavorot ketamiz»
Yana bir muammo bor, uni ham muhokama qilmasa bo‘lmaydi. Jamoat transportlarida pul terish bilan voyaga yetmagan o‘smirlar, soch-soqoli o‘sgan, aft-angoriga qarab bo‘lmaydigan «konduktorlar» shug‘ullanmoqda. Avtobusni sekinroq haydang desangiz baloga qolasiz. Muomala madaniyati yo‘q. Og‘zidan chiqqan gaplari hafsalangizni pir qiladi. Sanitariya-gigiyena tartiblariga rioya qilish haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Karantin bo‘lishiga qaramay avtobuslarda niqob taqish hech kimning esiga kelmaydi. Chunki haydovchilarning o‘zilari ham, yordamchilari ham niqobsiz? Bu masalaning ham yechimi hali beri topilmasa kerak.
Yangi loyihalar tirbandlik muammosini hal qila oladimi?
Joriy yildan boshlab Transport vazirligi Rossiyaning SIMETRA transport kompaniyasi bilan hamkorlikda Samarqand shahar aglomeratsiyasi va yo‘lovchi transportining harakatlanishining bosh rejasi ustida ish olib bordi. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan Samarqand shahrining yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Shahardagi transport infratuzilmasi va transport oqimlari to‘liq o‘rganildi.
- Samarqand shahrining Rudakiy, Panjakent, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari, Universitet xiyoboni kabi o‘nlab ko‘chalarida, bozorlar atroflarida tonggi va kechki paytlarda katta tirbandliklar kuzatiladi, - deydi transport vazirligi Transport va logistikani rivojlantirish muammolari tadqiqot markazi direktori Murod Abidov. – Shaharda qariyb yuzga yaqin chorraha bo‘lib, ularda transport vositalarini tezkor o‘tkazish darajasi past. Avtomobil to‘xtash joylarining yetishmasligi sababli yo‘llarning birinchi qatorida mashinalar yig‘ilib qatnovga xalaqit bermoqda. Haydovchilar uchun ma’lumot beruvchi belgilar yetishmasligi yoki piyodalar uchun mo‘ljallangan yo‘lakchalarning aksariyat hollarda rangi o‘chib ketgani, vaqtida ta’mirlanmayotgani kabi omillar yo‘l-transport hodisalarining ko‘p uchrashiga, jamoat transporti tizimi yaxshi rivojlanmagani esa tirbandliklarning ko‘payishiga olib kelmoqda.
SIMETRA transport kompaniyasi ijrochi direktori Kristian Bryogerning fikricha, shaharda vaqtinchalik va ro‘yxatdan o‘tmagan aholi soni anchagina. O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, yo‘lovchilarning 30 foizigina jamoat transportidan foydalanmoqda. Sababi, jamoat transportining qatnov vaqti oralig‘i 30 daqiqadan oshib ketishi holatlari mavjud, bu esa aholi uchun noqulaylik tug‘diradi. Shunga ko‘ra, odamlar taksi va shaxsiy avtotransportdan foydalanishni ma’qul ko‘rishadi. Natijada ko‘chalarda turnaqator tirbandliklar paydo bo‘lib, ular harakatni qiyinlashtirish bilan birga, o‘zidan chiqarayotgan zararli moddalar ta’sirida havoning ifloslanish darajasi oshmoqda.
Aholi transport xizmatidan qachon rozi bo‘ladi?
- Bugun kunda shahrimizda 18 ta xususiy korxonaga qarashli 373 ta avtobus, 3538 ta litsenziyalangan yo‘nalishsiz taksi hamda shahar atrofida esa 600 dan ziyod «Damas» rusumli avtomashinalar aholiga transport xizmati ko‘rsatib kelmoqda, - deydi viloyat transport boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Jo‘rabek Qorjavov. – Hozircha Temiryo‘l vokzali-Sartepa yo‘nalishida 10 ta tramvay harakatlanmoqda. Rudakiy ko‘chasidagi yer osti tunneli foydalanishga topshirilgach, vokzaldan Siyob bozori tomonga yana 8 ta tramvay yo‘lga tushadi.
Joriy yilning may oyida Prezidentimizning avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyatini tartibga solish bo‘yicha qaroriga ko‘ra, 2022 yil 31 dekabrgacha bo‘lgan muddatga eksperiment tariqasida yakka tartibdagi tadbirkorlarga yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi berildi. Biroq hozirgacha viloyat bo‘yicha 40 ga yaqin fuqaro YaTT bo‘lgan bo‘lsa, Samarqand shahrida bu borada ishlar sust tashkil etilgan. Chunki bu yerda 4 nafar jismoniy shaxs shu tarzda taksi faoliyati bilan mashg‘ul.
So‘nggi yillarda mashinalar ko‘paygani sari, havoning ifloslanish darajasi ham oshib bormoqda. Bu ko‘rsatkich belgilangan me’yordan oshsa, aholi salomatligiga salbiy ta’sir qiladi. Mamlakatimizda havoning eng past ifloslanish ko‘rsatkichi Denov, Qo‘qon, Guliston shaharlari singari Samarqandda ham kuzatilmoqda. Ifloslantiruvchi moddalar sanitar me’yorlaridan oshmagan bo‘lsa-da, soha xodimlarining xavotirli, ogohlikka chaqiruvchi chiqishlarini, afsuski, ko‘pchilik jiddiy qabul qilmayapti. Ammo kun sayin ortib borayotgan avtotransportlardan chiqayotgan zararni kamaytirishning yo‘li hozircha ularni yoqilg‘idan gazga o‘tkazish va odamlarga shaxsiy transportda emas, ko‘proq jamoat transportidan foydalanish uchun qulaylik yaratishdir.
Dilmurod TO‘XTAYeV.