Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori nega o‘qituvchi yig‘laganidan xursand?
Rektor X.Yunusov institutda korrupsiya holatlari bartaraf etilganini ta’kidladi.
– Institut tashkil etilganidan buyon shu illatga qarshi kurashdik, lekin oson bo‘lgan emas, – deydi rektor. – Bir necha guruhlar, yangicha ishlashni istamaydigan, eskicha fikrlaydigan o‘qituvchilar bor edi. Ularni to‘g‘ri yo‘lga boshladik, ta’magirlikka chek qo‘yishga chaqirdik. Buni istamaganlar bilan xayrlashdik. Talabni kuchaytirdik, o‘qituvchi besh-olti yil assistent bo‘lib yurmaydi. Marhamat, uch yilda ilmiy ishini tayyorlasin, yoqlasin va unvonli, lavozimli o‘qituvchi sifatida yuqori maosh olsin.
To‘rtta ilmiy kengashimizda har yili o‘rtacha 30 tagacha ilmiy ish himoya qilinyapti. Ilmiy maqola yozgan, xalqaro grantlarda qatnashgan o‘qituvchilarni o‘zimiz rag‘batlantiryapmiz, talabaning qo‘lga qaramaydi. O‘qituvchilar orasida ham, talabalar orasida ham yuzi yorug‘, boshini ko‘tarib yuradi.
Jamoatchilik nazoratini kuchaytirdik. O‘qituvchilar va talabalardan iborat guruhlarimiz dars jarayonlarini kuzatadi. Talabaga yangi gap aytolmayotgan, o‘z mashg‘ulotini bugungi kun talabi darajasida o‘tolmayotgan domlalarni muhokama qilamiz. Talabalarning o‘zi ham o‘qituvchiga munosabat bildiryapti.
Yaqinda bir o‘qituvchi xonamga yig‘lab keldi – talabalar dars o‘tishidan qoniqmabdi, kafedraga murojaat qilib, boshqa o‘qituvchi tayinlashlarini so‘rashibdi. Albatta, o‘qituvchiga achindim, o‘z ustida ishlashi kerakligini tushuntirdim, lekin bir tomondan talabalarning faolligidan, fanga befarq bo‘lmaganidan xursand ham bo‘ldim.