Samarqand viloyati hokimi Erkinjon TURDIMOV:

- Boshqa sohalar kabi tibbiyotda ham mavjud ahvol va tartibga ko‘nikib qolish illati bor. Misol uchun, nogiron yoki bemor so‘rab turmasa, patronaj hamshirasi o‘zi borib uning holidan xabar olmaydi. Vaholanki, u mana shu xizmati uchun maosh oladi.

Tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi asosan markaziy shifoxona uchun jon kuydiradi. Maoshining bir qismi QVP va poliklinika uchun ekanligi xayoliga ham kelmaydi.

Nikohdan oldingi majburiy tibbiy ko‘rik nomigagina tashkil etiladi. Bo‘lajak kelin-kuyov ko‘rikdan o‘tish uchun olis qishloqda 60-70 kilometr yo‘l bosib tuman markaziga qatnamaydi. Natijada bir kishi «iltimos» evaziga hamma do‘xtirlarga imzo qo‘ydirib beradi.

Buni hamma biladi, ammo hech kim hech narsa demaydi, shu holatga ko‘nikib qolganmiz.

Millat kelajagi, yosh avlod salomatligi bilan bog‘liq bu masalalarga e’tiborsiz bo‘lishga hech birimizning haqimiz yo‘q.