Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning viloyatimiz xotin-qizlariga bayram tabrigi
Aziz va mo‘’tabar onajonlar, qadrli opa-singillar!
Barchangizni bahorning eng go‘zal va sevimli bayrami bo‘lgan 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman!
Avvalo uyg‘onish va nafosat faslining boshlanishida, uning birinchi bayramida sha’ningizga tahsin aytmoqni katta sharaf deb bilaman. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning keyingi yillarda ayol nomini ulug‘lash, uning ijtimoiy himoyasini ta’minlash borasida olib borayotgan siyosati barchamizni – rahbarni ham, oddiy kishini ham ana shunday yo‘l tutishga undaydi.
Aslida, bu siyosiy jarayon mohiyati shonli tariximizning teran ildizlariga, buyuk allomalarimizning boy ma’naviy merosiga borib taqaladi. Ularning badiiy merosi asosiy g‘oyasi ham ayolning latofatu go‘zalligini, aqlu zakovatini, uning sog‘lom avlodni dunyoga keltirish va farzand tarbiyasidagi ulkan kuch-qudratini tarannum etishga bag‘ishlangan. Qur’oni karim hamda boshqa muqaddas ulug‘ kitoblarda ayol zotini qadrlash ilohiy burch sifatida ta’kidlanadi.
Samarqand tarixida ham xotin-qizlarning sharafli o‘rni bo‘lgan. Buni buyuk bobomiz Amir Temur saltanati davrida u kishining turmush o‘rtog‘i Saroymulkxonimning sohibqiron saltanatidagi oqilona ishtiroki va farzand tarbiyasida ibrati orqali yaxshi bilamiz. Qolaversa, xalq og‘zaki ijodidagi To‘maris, Barchinoy, Gulpari, Oygul obrazlari ham bizga ayollarimiz nechog‘li jasoratli, sadoqatli, oqila bo‘lganini eslatib turadi. Samarqandning boy o‘tmishida, zabardast, nozik yelkasida jamiyat muammolarini ko‘tarib, hal qila olgan xotin-qizlar avlodi bo‘lib kelgan. Tashabbuskorligi, zukkoligi bilan jamiyatning turli jabhasida namunali mehnat qilib, obro‘ qozongan bu ayollarning hammasini nomma-nom sanash shart emas, ularni shundog‘am ko‘pchiligimiz yaxshi taniymiz, hurmat qilamiz, deb o‘ylayman.
Mamlakatimizda keyingi yillarda xotin-qizlar qadrini ulug‘lash, ularning jamiyatdagi yaratuvchilik rolini oshirish borasida qilinayotgan ezgu ishlar ana shu an’analar davomidir.
Ayniqsa, 2018 yil 2 fevraldaO‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinishi xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi rolini oshirishda muhim ahamiyatga ega hujjat bo‘ldi. Ushbu farmon bilan xotin-qizlar qo‘mitalari faoliyatini takomillashtirish, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini oshirish, ijtimoiy muhofazaga muhtoj ayollarga tizimli ko‘mak berish masalalari tartibga olindi. Har bir fuqarolar yig‘inida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etildi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar, xususan, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, boquvchisiz qolgan, ko‘p farzandli ayollarni uy-joy bilan ta’minlash masalasi uzoq yillardan beri ilk bora davlat siyosati darajasiga olib chiqildi. Buning natijasida o‘tgan yil nogironligi bo‘lgan va ijtimoiy og‘ir ahvoldagi 258 nafar xotin-qizlar uy-joy bilan ta’minlandi. 1140 nafar og‘ir turmush sharoitidagi xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi. Tadbirkor ayollarga tijorat banklari tomonidan 222 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Ajrim yoqasiga kelib qolgan 1800 dan ziyod oilaning 1168 tasi yarashtirildi.
O‘tgan yildan boshlab oilaviy qadriyatlar va an’analar yo‘nalishida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni olib borish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi. Viloyat hokimligi tomonidan markazning viloyat boshqarmasiga barcha shart-sharoitga ega bo‘lgan zamonaviy bino ajratildi. Uning shahar, tuman bo‘limlarida ham xodimlarning ishlashi uchun yetarli darajada sharoitlar yaratildi.
Jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan, o‘zining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishi va farovonligi mustahkamlanishiga, onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qo‘shgan xotin-qizlar uchun “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni ta’sis etildi va bu yil ilk bor viloyatimizdan 18 nafar ayollar ushbu mukofot bilan taqdirlandi.
Bu sa’y-harakatlarning barchasi ayolning oilada, jamiyatdagi rolini oshirish, muhtarama onalarimiz, opa-singillarimizning turmush turmush farovonligini ta’minlash, oilalarda sog‘lom, barkamol farzandlar voyaga yetishi yo‘lidagi harakatdir. Muhtaram Prezidentimizning «Ayolni e’zozlash, ayolga ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos olijanob qadriyat hisoblanadi. Biz, barchamiz qanday kasb, qanday lavozimda ishlamaylik, qalbimiz, yuragimizdagi jamiki ezgu fazilatlar uchun siz, mehribon ayollardan umrbod qarzdormiz», degan so‘zlari endilikda davlat siyosatining asosiy shioriga aylanganini barchamiz ko‘rib, bilib turibmiz.
Xotin-qizlarga qaratilayotgan e’tibor, g‘amxo‘rlikning mohiyatiga chuqurroq nazar tashlaydigan bo‘lsak, u butun bir jamiyat rivojiga qaratilgan e’tibor ekanini anglaymiz. Deylik, ayol sog‘lom bo‘lmasa, uning farzandlari ham nuqsonli bo‘ladi, ayol oilasida halovat topmasa, kelajak vorislarimiz qalbi majruh ulg‘ayadi, yashash sharoiti yetarlicha bo‘lmasa bu oilada xotirjamlik bo‘lmasligini barchamiz anglab yetamiz. Ayol – oilaning xotirjamligi garovidir, u nur kabi xonadonlarimizni yoritib turishi uchun biz, rahbarlardan tortib, har bir oila boshliqlari qo‘ldan kelgan barcha sa’y-harakatni amalga oshirishga tayyormiz.
Munis onajonlar, mehribon opa-singillar!
Oilalarimizni, jamiyatimizni fayzu baraka bilan nurafshon etib kelayotgan Siz latofatli ayollarni 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan yana bir bor muborakbod etib, qalbimdagi eng ezgu niyatlarni tilayman.
Go‘zallik va nafosat ayyomi qutlug‘ bo‘lsin!
Oilangizdan totuvlik, baxt, qut-baraka arimasin!
El ichra e’zozli, qadrli bo‘lib yuring!