Samarqand viloyati Kengashining 91-sessiyasi 20 oktyabr kuni o‘tkaziladi
Bu haqda viloyat hokimi E.Turdimov bugun, 13 oktyabrda qabul qilgan “Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi oltinchi chaqiriq, to‘qson birinchi sessiyasini chaqirish to‘g‘risida”gi qarorida ma’lum qildi.
Qarorga ko‘ra, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi oltinchi chaqiriq, to‘qson birinchi sessiyasi 2023 yil 20 oktyabr kuni chaqiriladi.
Sessiya kun tartibiga quyidagi masalalar kiritilgan:
- Nurobod, Toyloq, Qo‘shrabot hamda Oqdaryo tumanlari hokimlarining aholi muammolarini hal qilish borasida olib borayotgan ishlari to‘g‘risidagi hisobotlari;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 noyabrdagi «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-6118-sonli farmoni ijrosi yuzasidan Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi boshlig‘i S.Jabborovning hisoboti haqida;
- viloyat ma’muriy sudi raisi S.Soliyevning viloyat sudi tomonidan 2023 yil 9 oyi davomida viloyatda odil sudlovni amalga oshirish borasidagi ishlari yuzasidan axboroti haqida;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 4 apreldagi «Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-190-sonli qarorining viloyatdagi ijrosi yuzasidan viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i A.Ashurovning hisoboti haqida;
- Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlarining mavjud ma’muriy-hududiy chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish haqida;
- viloyat hokimligining yangilangan tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash to‘g‘risida;
- viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risida;
- Samarqand viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari tariflari miqdorini belgilash to‘g‘risida;
- xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 2021 yil 28 maydagi «Samarqand viloyatida yangi kichik sanoat zonalarini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida;
- Samarqand shahar hokimligi obodonlashtirish boshqarmasi balansidagi Kimyogarlar qo‘rg‘onida joylashgan foydalanilmasdan turgan «Asfalt-beton ishlab chiqarish sexi» bino va inshootini auksion savdolariga chiqarish to‘g‘risida;
- jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yilishiga ruxsat berish to‘g‘risida;
- xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 2023 yil 16 iyundagi «Samarqand viloyatida avtomobil yo‘llari, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimi, elektr energiyasi ta’minoti, ijtimoiy soha ob’yektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida;
- 2023 yil uchinchi chorak yakunlari bo‘yicha viloyat hokimi o‘rinbosarlarining samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilishi natijalarini tasdiqlash to‘g‘risida.