Samarqand viloyati XTB: Maktablarda o‘quv yili davomida, shuningdek, o‘quv yili yakunida pul yig‘ish qat’iyan taqiqlangan
Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim joylarda maktab ta’miri uchun pul yig‘ilayotgani va bu ota-onalarning e’tiroziga sabab bo‘layotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Albatta, biz ham maktablarda bunday yo‘l tutilishini yoqlamaymiz va bunga qarshimiz.
Ushbu masala yuzasidan xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatov o‘z munosabatini bildirdi va maktablar ma’muriyatiga murojaat qildi: “Bu jarayon faqat ixtiyoriy ravishda bo‘lishi kerak. Agarda kimdir o‘z farzandining o‘qishiga qo‘shimcha sharoit yaratmoqchi, nimanidir ta’mirlamoqchi yoki maktabga yana qandaydir yordam bermoqchi bo‘lsa, uni bemalol qilishi mumkin. Joylarda maktablarning moddiy-texnik ahvoli qanday ekanligini ota-onalar yaxshi bilishadi. Lekin hammaga bir xil yondashib, ota-onalardan majburiy pul yig‘ish holatlarining oldini olish kerak. Hozirgi pandemiya sharoitida ko‘pchilik iqtisodiy qiyinchilikni boshidan o‘tkazmoqda. Shuning uchun ham bu masalada maktab ma’muriyatidan to‘g‘ri yondashuvni ta’minlashini so‘raymiz”.
Hozirgi kunda maktablarda Kuzatuv kengashlari faoliyat yuritmoqda. Kuzatuv kengashi a’zolari byudjetdan hamda qo‘shimcha ishlab topilgan mablag‘larning samarali va maqsadli sarflanishini nazorat qilish vakolatiga ega.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quv yili davomida, shuningdek, o‘quv yili yakunida pul yig‘ish qat’iyan man etiladi. Jumladan, ommaviy tadbirlar, maktab ma’muriyati va o‘qituvchilari uchun, sinf fondi, maktab farroshi, bundan tashqari, maktabni ta’mirlash va boshqa xarajatlar uchun pul yig‘ish taqiqlanadi. Ushbu talab to‘g‘risida tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limlari mudirlari va barcha maktab direktorlari qat’iy ogohlantirilgan.
Agarda viloyatimizdagi umumta’lim muassasalarida noqonuniy pul yig‘ish holatlari ro‘y bersa, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining telegram messenjeriga — @SamVXTB hamda quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishingiz mumkin: (66) 238-88-28, (66)238-88-04.
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi.