Samarqand viloyatida ichimlik suvi bilan bog‘liq 565 ta avariya holati aniqlangan

Bu holat bo‘yicha «Davsuvinspeksiya» endi jarimaga tortish huquqiga ega

So‘nggi bir yilda ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat hududiy inspeksiyasi tomonidan ichimlik suvi oqib yotgan 565 ta avariya holati aniqlangan. Aksariyat holatlarning kelib chiqish sababi ko‘chalarning nosozligi bilan bog‘liq bo‘lib chiqqan. Ularning 483 tasi bartaraf qilingan.

Shuningdek, joylarda ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimlariga 53 ta iste’molchi va foydalanuvchilarning noqonuniy ulanganligi ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, tegishli tartibda hujjatlashtirilmagan 174 ta yer osti quduqlari ham (skvajinalar) bor ekan.

Sayyoramizdagi ichimlik suvi bilan bog‘liq holatga e’tibor bering: Bugungi kunda dunyo aholisining 2 milliarddan ortig‘i ichimlik suviga doimiy muhtojlikda kun kechiradi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, yer yuzi aholisining 47 foizi suv tanqisligini his qilib yashamoqda.

Viloyatimizda iqtisodiyot tarmoqlarining jadal rivojlanishi, aholi sonining oshib borishi bilan bir qatorda suvga bo‘lgan talab ham kundan kunga o‘sib bormoqda.

2018 yil 10 oktyabrda “Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan, ichimlik suvidan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Ushbu hujjat bilan «Davsuvinspeksiya»ga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning bir qator ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar taalluqliligi belgilab berildi. Jumladan, 72-moddada ko‘rsatilgan suv zaxiralarini muhofaza qilish qoidalarini buzish, ichimlik ehtiyojlari uchun suv quduqlarini qazishning belgilangan qoidalarini va texnologiyasini buzish fuqarolarga eng kam ish haqining ikki baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Agar ana shu huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, fuqarolarga eng kam ish haqining yetti baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

Qonunning 74-moddasiga ham o‘zgartish kiritilgan. Unga ko‘ra, suvdan foydalanish va suv iste’moli qoidalarini buzish, tabiiy va sun’iy suv manbalari (daryo, ko‘l va boshqa suv havzalari), yer osti suv qatlamlaridan suv olish limitlarini buzishning huquqiy oqibatlari belgilab berildi.

Bundan tashqari, suv xo‘jaligi inshootlari va qurilmalarini, ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimi ob’yektlari va qurilmalarini shikastlantirish, vodoprovod tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish, uy-joylarni, jamoat, ishlab chiqarish ob’yektlarini va boshqa ob’yektlarni kanalizatsiya tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulab olish borasidagi huquqbuzarlikga ta’sir choralari aniq belgilab berilgan. Huquqbuzarlik turiga qarab jarimalar eng kam ish haqining 20 baravarigacha belgilangan.

Mazkur qonunga muvofiq 2019 yil 12 yanvar kunidan e’tiboran “Davsuvinspeksiya” xodimlari huquqbuzarlarni jarimaga tortish huquqiga ega bo‘ldi.

Asosiy maqsadimiz jarima qo‘llash emas, suvdan oqilona foydalanish. Shu maqsadda viloyat aholisiga murojaat qilib chiqdik. Xalqimizga suvdan foydalanish bo‘yicha mavjud me’yoriy qoidalarni yana bir bor eslatish bilan birga suvni qadrlashga chorlamoqchimiz.

Zafar NORQO‘ZIYEV,

ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish

davlat inspeksiyasi viloyat hududiy inspeksiyasi boshlig‘i.