Samarqand viloyatidagi OTMlarga kirish imtihonlari beshta ochiq maydonlarda bo‘lib o‘tadi

Joriy yilda viloyatimizdagi oliy o‘quv yurtiga bakalavr ta’lim yo‘nalishlariga qabul uchun 103 275 nafar abituriyentdan hujjatlar qabul qilish rejalashtirilgan. Bu haqda Zarnews.uz’ga DTM Samarqand viloyati bo‘limi xabar bermoqda.

Hujjatlarni qabul qilish masofadan amalga oshirilgani aholiga katta qulayliklar yaratmoqda. Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz sayti hamda Davlat test markazining my.dtm.uz sayti orqali 27 iyul kuniga qadar onlayn ro‘yxatga olinadi.

Samarqand viloyatidagi kirish imtihonlari viloyatdagi beshta ochiq maydonlarda bo‘lib o‘tadi. Shu jumladan, viloyatimizda bir smenada jami 5400 o‘rin tayyorlanmoqda.

Samarqand shahar “Lokomotiv” futbol stadioni (1200 o‘rin), Sartepo massividagi Samarqand shahar 2-son bolalar va o‘smirlar sport maktabi stadioni (1080 o‘rin), Kimyogarlar shaharchasidagi “Nurafshon” futbol stadioni (960 o‘rin), Samarqand tumanidagi BO‘SM futbol maydoni (960 o‘rin) va Jomboy tumanidagi BO‘SM futbol maydoni (1200 o‘rin) ochiq maydonlarida test sinovlari o‘tkaziladi.

Epidemiologik talablarga muvofiq sinovlar ikki smenada o‘tkaziladi. Abituriyentlarni kiritishda va shaxsini aniqlashda shaxsni identifikatsiyalash vositalari (videofiksatsiya, barmoq izi skaneri)dan foydalaniladi. Jarayonlar videokuzatuv ostida onlayn efirga uzatilgan holda o‘tkaziladi hamda abituriyentlar va ularning ota-onalari test sinovlarini televideniye va https://test2022.uz/ sayti orqali onlayn kuzatib borishlari mumkin bo‘ladi.

Ta’kidlash joizki, sanalar e’lon qilinganidan keyin abituriyentlarga onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tish uchun foydalangan telefon raqamiga SMS shaklida test o‘tkazish joyi to‘g‘risida ma’lumot yuboriladi.

Ruxsatnomada ko‘rsatilgan sana va vaqtda test sinovlari boshlanishidan kamida 1-1,5 soat oldin pasport hamda ruxsatnoma bilan birga test sinovlari o‘tkaziladigan hududga borish talab etiladi.

Viloyatimizdagi barcha abituriyentlarga muvaffaqiyat tilaymiz.