Samarqand viloyatiga 200 000 AQSh dollaridan kam bo‘lmagan narxda ko‘chmas mulk sotib olgan chet el fuqarosi bu yerda yashash huquqini qo‘lga kiritadi
Bu haqda Prezidentimizning joriy yil 5 yanvarda e’lon qilingan «O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida belgilab berilgan.
Mazkur hujjat bilan turizmni rivojlantirishdagi qator muammolarga chek qo‘yiladi. Shu bilan birga, turizm sohasini rivojlantirish borasida tadbirkorlarga O‘zbekiston tarixida ilgari kuzatilmagan yangi imtiyozlar taqdim etildi.
Avvalo, O‘zbekistonga kirish borasida. Birinchidan, farmonda «Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlillar turizm tarmog‘ini tartibga soluvchi normativ-huquqiy asosning nomukammalligi, alohida turizm xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarining, shuningdek, chet el fuqarolarining toifalari, bo‘lish muddatlari va maqsadlari bo‘yicha dunyo amaliyotida keng qo‘llaniladigan alohida viza rejimlarining mavjud emasligini ko‘rsatmoqda» deya ta’kidlangan va bu muammoga yechim taqdim etilgan.
Shunday qilib, joriy yilning 1 fevralidan boshlab dunyoning 45 ta mamlakati fuqarolari uchun O‘zbekistonga 30 kunga vizasiz rejim joriy etildi. Xuddi shu sanadan e’tiboran dunyoning 76 ta davlati fuqarolari mamlakatimizga kirish uchun elektron viza olish imkoniga ega bo‘ladi.
Ikkinchidan, 109 ta mamlakat fuqarolari O‘zbekistonda yashash guvohnomasini olish imkoniga ega bo‘ldi. Buni istagan chet el fuqarosi mamlakatimizdan ko‘chmas mulk sotib olishi lozim bo‘ladi. Sotib olinadigan mulk narxi hududlarga qarab belgilangan. Masalan, Samarqandda yashash huquqini qo‘lga kiritish uchun chet el fuqarosi viloyatimizda 200 000 AQSh dollaridan kam bo‘lmagan narxda ko‘chmas mulk sotib oladi. Mazkur me’yor Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun 400 000 AQSh dollaridan kam bo‘lmagan miqdorda deb belgilangan.
Shuningdek, hujjatda, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, maqbul va qulay muhit yaratish, transport logistikasini rivojlantirish, ichki va tashqi yo‘nalishlarni kengaytirish, transport xizmatlari sifatini oshirish, respublika ichida turizm xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga yo‘naltirilgan turizm faoliyati sub’yektlarining faolligini rag‘batlantirish kabi asosiy muammolarga e’tibor qaratilgan.
Farmonda mamlakatning logistika jozibadorligini tubdan yaxshilash, shuningdek, mahalliy aeroportlarda parvozlarga xorijiy aviakompaniyalarni jalb etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etilsin, deb belgilandi.
Ishchi guruhning asosiy vazifalari etib Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan tovar aylanmasi, tashiladigan yo‘lovchilar soni va investitsiyalarni ko‘paytirish uchun respublikadagi transport aloqa tizimini tubdan yaxshilash, “ziyorat” turizmi yo‘nalishi orqali turistlar oqimini oshirish, shu jumladan, Indoneziyadan doimiy aviaqatnovlarni ochish uchun aviakompaniyalarni jalb qilish masalalarini tezkorlik bilan hal etish kabilar belgilangan. O‘zaro bog‘lovchi qatnovlarni, shu jumladan, “mavsumdan tashqari” davrda tashkil etish orqali uzoq magistral yo‘nalishlarda yo‘lovchilar sonini ko‘paytirish, charter reyslarini kelishish mexanizmini soddalashtirish ham belgilab berilgan.
Xuddi shu sana – joriy yil 5 yanvarda «Turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, endi mehmonxona qurish uchun ajratilgan yer uchastkasi qurilish tugagach, investorga mulk huquqi asosida sotilishi mumkin.
Hujjatda tadbirkorlar uchun kutilmagan imtiyozlardan biri ham belgilab berildi. Agar 2022 yil 1 yanvargacha investor tomonidan 3 yulduzli toifa uchun 50 xonadan kam bo‘lmagan va 4 yulduzli toifa uchun 100 xonadan kam bo‘lmagan xonalar fondiga ega mehmonxona foydalanishga topshirilsa, yangi mehmonxona qurish va jihozlash uchun investor xarajatlarining bir qismi davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Bundan tashqari, dunyoning taniqli va nufuzli mehmonxona brendlaridan (mehmonxona brendlarining top-50 reytingiga ko‘ra foydalanish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan tashkilotlar uchun uch yil mobaynida davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qisman moliyalashtirish ham ko‘zda tutilgan.
Mazkur qarordagi yana bir band aholi tomonidan iliq kutib olindi. Ya’ni, endi mehmonxona xizmatlari yashash joyi (propiska), fuqarolik, jismoniy shaxslarning qarindoshlik va nikoh munosabatlari, shuningdek, shaxsiy hayot huquqini cheklovchi boshqa omillardan qat’i nazar ko‘rsatilishi lozimligi ma’lumot uchun qabul qilindi. Misol uchun, ilgari ma’lum bir shaharda yashovchi fuqaro shu hududdagi mehmonxonaga joylashishda to‘siqlarga uchrashi mumkin edi. Endi bu kabi muammolarga barham beriladi.
Darvoqe, ushbu hujjat asosida mamlakat, shu jumladan, viloyatimizda mehmonxonalar qurishning maqsadli parametrlari belgilab berildi. Unga ko‘ra, joriy yilda viloyatimizda 773 xonadan iborat 30 ta mehmonxona quriladi. 2020 yilda esa 1 703 xonadan iborat yana 76 ta mehmonxona barpo etiladi. Shunday qilib, o‘tgan yil qurilganlarini ham hisobga olsak, 2021 yil yakuniga kelib 5 307 xonaga ega jami 236 ta yangi mehmonxonaga ega bo‘lamiz. Solishtirish uchun: hozirgi vaqtda viloyatdagi mehmonxonalar soni 100 dan ziyodroq va har yili sayyohlik mavsumida aksariyat mehmonxonalarni bir oy oldin band qilishga to‘²ri kelmoqda.
Ana shu mehmonxonalarni barpo etishda moliyaviy imkoniyatlar taqdim etish ham belgilangan. Xususan, Vazirlar Mahkamasi huzurida Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi kichik tadbirkorlik sub’yektlariga turizm infratuzilmasi ob’yektlari, mehmonxonalar va sanitar-gigiyenik shoxobchalar barpo etish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish uchun ajratilgan tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya taqdim qiladi.
Tegishli idoralarga ikki hafta muddatda mehmonxonalar tashkil etish uchun foydalanilmayotgan davlat mulki ob’yektlari ro‘yxatini shakllantirish va tegishli hududda qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan mehmonxonalarni inventarizatsiyadan o‘tkazish topshirildi. Bir oy muddatda esa inventarizatsiya va o‘rganishlar yakunlari asosida yer uchastkalarini ajratish va foydalanilmayotgan davlat mulki ob’yektlari bazasida mehmonxona tashkil etish oylik tarmoq jadvallari tasdiqlanadi.
Ajratilayotgan yer uchastkalari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining axborot maydonlarida va saytlarida joylashtiriladi. Shuningdek, investorlar tomonidan mehmonxona qurish uchun yer uchastkalari va davlat mulki ob’yektlarini “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonida auksionga qo‘yilishi ta’minlanadi.
Qarorda bir qator shaharlar, xususan, Samarqand shahrining tarixiy va qo‘riqlanadigan hududlarida rejalashtirilgan bino va inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha ishlarni YUNESKOning Butunjahon merosi markazi bilan avvaldan kelishish ko‘zda tutilgan.
Mazqur qarorning 3-ilovasida Samarqanddagi 24 ta madaniyat ob’yekti va muassasasi nomi qayd etilgan. Ana shu bino va inshootlarga jahon tajribasidan kelib chiqib, yangi, zamonaviy axborot texnologiyalari tatbiq etiladi.
Har ikki hujjatda nazarda tutilgan islohotlar, imtiyozlardan shunday xulosa chiqarish mumkinki, bu yil xorijiy va mahalliy investorlar, tadbirkorlar uchun turizm sohasi Samarqandda eng jozibador biznes sifatida tilga olinadi. Natijada qisqa fursat ichida viloyatimizning turizm bo‘yicha asl salohiyati yuzaga chiqishini kutaversak bo‘ladi.
Anvar MUSTAFOQULOV sharhi.