Samarqandda 16 ta maktab informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtiriladi
Joriy yilning oxiriga qadar Samarqand shahridagi 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabi informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan muassasaga aylantiriladi.
Maktabga TATU Samarqand filiali, O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Mikroelektronika va yarim o‘tkazgichlar fizikasi ilmiy tadqiqot instituti, “UZINFOCOM” yagona integrator" MChJ, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mas’ul etib biriktirilgan.
Maktabga 340 million so‘m homiylik yordami miqdori belgilangan. Umuman, viloyat bo‘yicha 16 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi ixtisoslashtirilgan maktabga aylantiriladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy o‘quv yilidan Samarqand axborot texnologiyalari texnikumi faoliyatini boshladi. Mazkur yumushlar davlatimiz rahbarining joriy yil 6 oktyabrdagi “Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT–industriya bilan integratsiya qilish chora tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida amalga oshirilmoqda.