Samarqandda 3 ta mahallada kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan yana 3 tasiga o‘rnatilayapti

Qishloq xo‘jaligi sohasida qonunlar ijrosi ustidan nazorat prokuratura organlari faoliyatidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri. Mazkur yo‘nalishda o‘tgan olti oy davomida fermerlarga 610 gektar yer maydoni, 2 ming 100 tonna mineral o‘g‘it, 1150 tonna neft mahsulotlari ajratilishida, 1,2 mlrd. so‘m kredit, 830 mln. so‘m ish haqi, 260 mln. so‘m naqd pul mablag‘lari olishlarida amaliy yordam ko‘rsatildi.

Yerlarning talon-toroj qilinishi holatlari yuzasidan 65 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov davomida 1,6 mlrd. so‘mlik zararlarning undirilishi ta’minlandi.

Misol uchun, Samarqand tumanidagi “Islomov Ismat Uzumzorlari” fermer xo‘jaligi rahbari 42 sotix yer maydonini 4 nafar fuqaroga 35 ming dollarga sotganligi holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bunday salbiy holatlarni ko‘plab keltirish mumkin. Yuzaga kelgan bunday vaziyatni inobatga olib, hokimliklar va tegishli idoralar hamkorligida yer maydonlari xatlovdan o‘tkazilib, 1.549 gektar noqonuniy foydalanib kelinayotgan yerlar zaxiraga qaytarildi. Mazkur yerlarning 500 gektariga paxta, 708 gektariga sabzavot, 313 gektariga ozuqa va 30 gektariga boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarining ekilishi ta’minlandi.

Ushbu yo‘nalishda 1.587 ta nazorat hujjatlari qo‘llanilib, fermerlar va davlat manfaatlarini ko‘zlab 16,9 mlrd. so‘mlik 501 ta da’vo arizalari kiritildi hamda noqonuniy qarorlarni bekor qilish to‘g‘risida 132 ta protestlar keltirildi.

Faoliyatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish ham alohida o‘rin tutadi. Hisobot davrida bevosita prokuratura organlari tomonidan 408 ta jinoyat ishlari yuzasidan tergov o‘tkazildi, kelib tushgan 1 326 ta jinoyat haqidagi ariza va xabarlar asosida 150 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi, 1 206 tasi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazildi.

Jinoyatchilik profilaktikasi borasida 4 385 nafar ishsiz, nochor, nizosi mavjud oilalar, qo‘ni-qo‘shnilar, 1 484 nafar yolg‘iz ayollar, 8 ming 751 nafar ichkilikbozlik va giyohvandlikka ruju qo‘yganlar ro‘yxati shakllantirilib, ularning 1 429 ta muammosi hal qilindi, 1082 ta muqaddam sudlanganlar ish bilan ta’minlandi.

Yana bir tashabbus bilan Samarqand shahridagi 3 ta (Obod maskan, Devori ko‘ndalang va Bog‘isaroy) mahallalar hududi to‘liq kameralashtirilib, vaziyat profilaktika inspektori tomonidan doimiy kuzatilishi yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda yana 3 ta (Ustozlar, Registon va Sayxun) mahallalariga kameralar o‘rnatilmoqda.

Olib borilayotgan ishlarga qaramasdan joriy yilning 6 oyida 1 808 ta jinoyat hisobga olinib, o‘tgan yilga nisbatan 484 taga yoki 36,6 foizga oshdi. Shu jumladan, prokurorlarimiz tomonidan 48 ta jinoyatlar yashirilganligi aniqlanib, hisobga qo‘yilishi ta’minlandi.

Paxtachida 27 ta, Bulung‘ur va Narpayda 24 tadan, Ishtixonda 20 ta hamda Oqdaryoda 18 ta mahallalarda jinoyatlar oshib, kriminogen vaziyat yomonlashgan.

Tezkor-qidiruv faoliyati ham muntazam o‘rganib borilib, 809 ta ishlar bo‘yicha yozma ko‘rsatmalar berildi, fosh etilmagan va qidiruvdagi ishlar har oyda prokurorlar huzurida tanqidiy muhokama qilinib, aniq chora-tadbirlar belgilanib kelindi. Natijada oldingi yillardagi qidiruvdagi 98 nafar shaxs ushlandi, 14 nafar bedarak yo‘qolgan shaxslarning qayerdaligi va 2 ta noma’lum murdalarning shaxsi aniqlandi.

Albatta, faoliyatimizda o‘z yechimini kutayotgan dolzarb masalalar, kamchilik va muammolar juda ko‘p, xodimlarning, prokurorlarning barchasi ham birdek mas’uliyat bilan ishlay olmayapti. Bunday xodimlarning 10 nafari, shu jumladan 4 nafar prokuror intizomiy javobgarlikka tortildi, 1 nafari tizimdan bo‘shatildi.

Muxiddin BAXRITDINOV,

viloyat prokurorining o‘rinbosari.