Samarqandda 65 nafar shaxs muddatidan oldin jazoni o‘tashdan ozod qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi rahbarligida mutasaddi vazirlik va idoralar mas’ullari tomonidan Samarqand viloyatida o‘tkazilgan sayyor qabullarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari I.Muslimov va Oliy sud sudyalari X.Egamberdiyev hamda F.Tursunov fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqdi.

Oqdaryo, Urgut tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on va Samarqand shaharlarida o‘tkazilgan qabullar davomida 335 nafar fuqaroning uy-joy, mol-mulk, ommaviy-huquqiy munosabatlar, jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlari, ma’muriy huquqbuzarliklar bilan bog‘liq masalalar yuzasidan murojaatlari tinglandi.

Qabullar jarayonida 227 murojaat ijobiy hal etildi, 108 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi, 41 ta murojaat yuzasidan arizalar Oliy sud tomonidan nazorat tartibida ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi.

Sayyor qabul kunlarida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari tomonidan 65 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan oldin ozod qilindi. 24 nafar shaxs tayinlangan jazodan shartli ozod qilindi, 26 nafar shaxsning o‘talmay qolgan jazo muddati yengilrog‘iga almashtirilib, jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilindi va oilasi bag‘riga qaytarildi.

Ma’muriy ishlar bo‘yicha 98 nafar shaxsga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar MJtKning 271-moddasi 11-qismiga asosan tugatilib, javobgarlikdan ozod qilindi.