Samarqandda 75,5 ming gektardan ziyod yerga chigit ekish rejalashtirilgan. 168 ta yer tayyorlash va ekish otryadlari karantin talablariga amal qilgan holda ishlamoqda

Ob-havo haroratining biroz pasayishi, kutilmaganda yoqqan qor samarqandlik dehqonlarning azmu-shijoatini so‘ndira olmadi. Viloyatdagi klaster korxonalari, fermer xo‘jaliklari ishchi-xodimlari qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarida bahorgi agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish ishlarini qizg‘in davom ettirmoqda. Ular karantin talablariga qat’iy rioya qilgan holda chigit ekish ishlarini uyushqoqlik bilan olib borishmoqda.

Jumladan, joriy qishloq xo‘jalik mavsumida samarqandlik dehqonlar 75 ming 580 gektar yer maydoniga chigitning “Buxoro-102”, “S 82-86”, “Omad”, “Sulton”, “Porloq-1” singari mahalliy iqlim sharoitiga mos, ertapishar navlarini ekishni rejalashtirgan.

Ana shu maqsadda 168 ta yer tayyorlash va ekish otryadlari tashkil etildi. Ushbu otryadlarga 2 ming 97 ta yer tayyorlash texnikalari, 11 ming 38 dona tishli borona, 153 dona yer tekislagich va 1 ming 40 ta chigit ekish seyalkasi biriktirilgan.

- Bundan tashqari, chigit ekish mavsumida mineral o‘g‘it tashish uchun 879 dona va yoqilg‘i moylash materiallarini yetkazib beradigan 116 ta ko‘chma agregatlar ishtirok etishi rejalashtirilgan, - dedi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari J.Karimov. - Chigit ekish mavsumini qisqa muddatda va sifatli o‘tkazish maqsadida 5 ming 600 tonna urug‘lik chigit kimyoviy vositalar bilan dorilangan holda tayyorlandi. Shuningdek, paxta to‘qimachilik klasterlari va kooperatsiyalar tomonidan 77 ta chigit tarqatish shoxobchalari mavsumga shay holatga keltirildi.

2020 yil hosili uchun puxta zamin hozirlash borasida 915 ta chigit ivitish xandaqlari, 966 ta tagliklar, 304 ta maxsus idishlar, 124 ta tarozi va boshqa zaruriy jihozlar bilan ta’minlangan.

Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan bahorgi agrotexnik tadbirlarga tayyorgarlik ishlari, mavsum davomida ishtirok etadigan barcha turdagi qishloq xo‘jaligi texnika vositalarining texnik holati ko‘zdan kechirilib, tegishli sertifikatlar berilgan.

Viloyatda 2020 yil paxta hosili uchun 44 ming 144 gektar yer maydoni chigit ekishga tayyorlangan bo‘lib, bir kunda o‘rtacha 2 ming gektardan ortiq yer sifatli tarzda chigit ekishga hozirlab borilyapti.

“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.