Samarqandda aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 2,5 million so‘m

Xalq deputatlari viloyat Kengashining oltmish beshinchi sessiyasi o‘tkazildi.

Sessiyani Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.

Dastlab viloyat saylov komissiyasi raisi S.Nuriyevning xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga bo‘shab qolgan o‘ringa  2022 yil 29 may kuni o‘tkazilgan saylov natijasi to‘g‘risidagi axboroti qabul qilinib, 29-Qoradaryo saylov okrugidan saylangan Saidahmad Usmonov va 41-Mevali saylov okrugidan Inobat Boboqulovaga deputatlik nishoni va guvohnomasi topshirildi.

Shundan so‘ng, viloyatdagi ayrim aholi punktlarini nomlash va qayta nomlash, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qo‘yilishiga ruxsat berish, yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lash muddatini kechiktirish, viloyat “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.  

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 28 apreldagi “2022-2026 yillarda Samarqand viloyati hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 222-son qarori ijrosi yuzasidan harakatlar rejasi, 2022 yilda viloyatda 106 kilometr ichki ko‘chalarda sement-beton qoplamali yo‘l qurish bo‘yicha manzilli ro‘yxat tasdiqlandi.    

Shuningdek, deputatlar viloyat hokimining Ashurov Akobir Samijonovichni viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimiga tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorini tasdiqladilar.

Sessiyada viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan dasturlar ijrosi yuzasidan hisobot berdi.

Qayd etilishicha, birinchi chorak yakunlari bo‘yicha viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 10,1 trillion so‘m (o‘sish sur’ati 106 foiz)ni tashkil etdi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 2,5 million so‘m (o‘sish sur’ati 103,8 foiz)ga yetdi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan sanoatda 110,7, qishloq xo‘jaligida 102, iste’mol tovarlari ishlab chiqarishda 122, qurilishda 108,6, xizmatlar sohasida esa 113 foiz o‘sishga erishildi.

Afsuski, sanoatda o‘sish sur’ati Kattaqo‘rg‘on shahrida 101,4 foiz o‘rniga 62,5, Oqdaryoda 71,4, Payariqda 80,8 foizni tashkil etgan.

Xuddi shunday, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va qurilish sohalarida ham o‘sish sur’atlari ba’zi hududlarda bajarilmagan.

– Oldimizga qo‘yilgan eng dolzarb maqsad va vazifalardan biri, bu – viloyatda xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini rivojlantirish orqali keyingi 5 yilda xizmat ko‘rsatish hajmini 3 barobarga oshirishdir, – dedi J.O‘roqov. – Joriy yilda xizmatlar hajmini 27,9 trillion so‘mga yoki 149,3 foizga oshirishimiz kerak. Yanvar-aprel oylarida xizmatlar hajmi 6,5 trillion so‘m (112,2 foiz)ni tashkil etib, bu borada orqada qolmoqdamiz.

Shuningdek, sessiyada viloyat hokimining o‘rinbosari – turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i R.Qobilovning turizm xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti, viloyat hokimligi ijro-nazorati guruhi rahbari Z.Rahimovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi yuzasidan axboroti eshitildi.

Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan Kengashning qarorlari qabul qilindi.