Samarqandda baliq yetishtirish imkoniyatlari qanday?
Hozirda viloyatda 443 ta xo‘jalik baliqchilik bilan shug‘ullanadi va ular tasarrufida 11,6 ming gektar baliq havzasi mavjud. Havzalarning 1957 gektari sun’iy maydonni va 9 ming gektar tabiiy havzani tashkil etadi.
Viloyat Matbuot uyida o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Samarqandbaliqsanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori G‘olib Negmatov viloyatimizda baliqchilikni rivojlantirish istiqbollari va mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi.
Joriy yilda viloyatda baliq yetishtirish hajmini 37 tonnadan 48 tonnagacha yetkazish rejalashtirilgan. Xo‘sh, bu natijaga qanday erishiladi?
- Baliq yetishtirish hajmini oshirishda asosiy omil ozuqa ta’minoti hisoblanadi, - deydi G‘.Negmatov. – Viloyatimizda yetishtiriladigan baliq uchun 80 ming tonna omuxta yem talab etiladi va 20 ta yem ishlab chiqaruvchi korxonaning yillik quvvati 767 ming tonnani tashkil etadi. Yillik baliqlantirish (chavoq) talabi o‘rtacha 11,8 ming gektar maydonga 1,2 milliard dona bo‘lib, 6 ta inkubatsiya sexining 11 gektar maydonida 1,4 milliard dona chavoq tayyorlanmoqda.
O‘tgan yili qiymati 31,5 milliard so‘mlik 21 ta loyiha amalga oshirilib, 43 gektarda intensiv baliq havzasi tashkil etildi va 153 ta ish o‘rni yaratildi. Joriy yilda esa qiymati 41 milliard so‘mlik 54 ta dastlabki loyihalar amalga oshirilib, 110 gektar maydonda intensiv havza va 257 ta ish o‘rni tashkil etiladi. Mavjud baliqchilik xo‘jaliklarida 1322 gektar maydonda 26,4 milliard so‘mlik 5287 ta aerator – hovuzlarda baliqlarni kislorod bilan ta’minlash uskunasi o‘rnatildi. Natijada hozirgacha ushbu maydonlardan 4-5 ming tonna baliq ovlangan bo‘lsa, aeratorlar o‘rnatilishi bilan o‘rtacha hosildorlik 100-150 sentnerga yetib, yalpi hosil 3-4 barobar ortdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aholi xonadonlarida baliq yetishtirishda hozirgi kunda 218 ta oilada kichik hovuzlar tashkil etilgan. Joriy yilda 7264 xonadonda kichik baliq havzalari tashkil etiladi va 7,2 mingdan ortiq fuqaro ish bilan ta’minlanadi. Bu esa qo‘shimcha 6-8 ming tonna baliq yetishtirish imkonini beradi.