Samarqandda haydovchi YPX xodimiga pora berayotgan vaqtida ushlandi

Joriy yilning 27 avgust kuni soat 11:20 larda Samarqand viloyati IIB YHXB bo‘linmalari YPXB 1-otryad YPX inspektori I.Gulyamov tomonidan M-39 “Toshkent-Termiz” yo‘lining 1081-kilometrida “Malibu-2” rusumli, davlat raqam belgisi bo‘lmagan avtomobil to‘xtatilib tekshirilganda, haydovchi, 1991 yilda tug‘ilgan X.J. me’yoriy hujjatlarsiz, davlat raqam belgisini o‘zboshimchalik bilan yechib, YHXBdan tegishli ruxsatnoma olmasdan, avtomobilning yon va orqa oynalarini qoraytirib olgan holda boshqarib kelayotganligi aniqlangan va haydovchiga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Joriy yilning 27 avgust kuni soat 12:15 larda Samarqand viloyati IIB YHXB YPXB shtab videokuzatuv guruhi kichik inspektori F.Ergashev ma’muriy amaliyot xonasida xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda oldiga fuqaro X.J. kelib avtomashinasini jarima maydonchasidan chiqarib berish evaziga 1.500.000 so‘m miqdoridagi pullarni pora tariqasida bermoqchi ekanligini ma’lum qilgan. Xodim fuqaro X.J. bilan o‘rtalarida bo‘lgan suhbatni telefon apparatiga yozib olganligini, mazkur holat bo‘yicha tezkor tadbir o‘tkazilib, fuqaro X.J.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Joriy yilning 27 avgust kuni soat 17:00 larda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro X.J. kichik inspektor F.Ergashevning xizmat xonasida 1.500.000 so‘m pulni pora sifatida bergan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.