Samarqandda ikki kunda ikki kishi pora bilan ushlandi

Yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, mazkur holatlar yuzaga kelishining oldini olish borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Bu borada tegishli qonunlar, huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilinib, ushbu jinoyatga qarshi kurashishning qonuniy asoslari yaratilgan. Shuningdek, korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar kelib chiqishining sabab va oqibatlari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ammo ming afsuski, bunday jinoyatlar hamon uchramoqda.

Samarqand viloyati huquq-tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, 2019 yil 6 sentyabr kuni Samarqand shahridagi “Bog‘ishamol” advokatlar hay’ati advokati A.M. Samarqand viloyatida yashovchi ikki nafar fuqarodan nikohdan ajratish jarayonini tezlatish va aliment to‘lovlarini undirish masalasida yordam berish evaziga 200 AQSh dollarini pora tariqasida  olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Joriy yilning 7 sentyabr kuni Samarqand viloyatidagi huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida Narpay tumani tibbiyot birlashmasi bosh hisobchisi yordamchisi R.M. birlashma tibbiy xodimidan uning 0,25 stavka ish o‘rnini to‘liq stavkaga o‘tkazib berish sharti bilan 400 AQSh dollarini pora sifatida olayotgan vaqtda ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zA.