Samarqandda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldi qanday olinmoqda?

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Akrom Halimov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hududida sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

Qayd etilishicha, 2020 yilda viloyat hududida 5 307 ta jinoyatlar sodir etilgan. Ularning 740 tasi og‘ir va 279 tasi o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar hisoblanadi. Shu davrda nomusga tegish 16,2 foizga va firibgarlik jinoyati 37 foizga oshishiga yo‘l qo‘yilgan.

Yil davomida sodir etilgan jinoyatlar tahlilidan kelib chiqib hududiy ichki ishlar hamda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari hamkorligida 1 100 ta mahallada yashovchi 3 million 928 ming nafar fuqaro orasidan jinoyat sodir etishi va jinoyat qurboni bo‘lishi ehtimoli yuqori bo‘lgan 70 ming 151 nafar shaxslar ro‘yxatini shakllantirgan. Ular 44 ta toifaga ajratilib, profilaktik tadbirlar amalga oshirilgan.

Shuningdek, viloyat hududida yashovchi jinoyat sodir etishi ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslar bilan tezkor-profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirish maqsadida “Taftish” tadbiri, “Tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish oyligi” maxsus profilaktik tadbiri, “Ichkilikbozlikka qarshi kurashish oyligi” maxsus profilaktik tadbirlari o‘tkazilgan.

“Turmush” va “Tozalash-Antiterror”, “Nazorat”, “Tig‘” va “Davomat” tadbirlarida ham hududiy profilaktika inspektorlari faol ishtirok etgan.

Natijada og‘ir tan jarohati yetkazish 5 foizga, talonchilik 7,7 foizga, qotillik 11,4 foizga, o‘g‘rilik 11,5 foizga, avtotransport vositasini olib qochish jinoyatlari 11,8 foizga, bezorilik 20,9 foizga kamayishiga erishilgan.

Qayd etilishicha, 2020 yilda har bir mahallada profilaktika inspektorlari lavozimi joriy etilib, ular soni 1096 nafarga yetkazilgan. Inspektorlar tomonidan mahalla faollari bilan xamkorlikda fuqarolarning muammolarini o‘rganish va bartaraf etish maqsadida mahallabay, oilabay ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilib, aniqlangan muammolar tegishliligi bo‘yicha tashkilotlar tomonidan hal etib borilmoqda.

- O‘tgan 2 oyida huquqbuzarlik va jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan 3 ming 271 nafar fuqaro profilaktik hisobga olindi, - dedi A.Halimov. - Shuningdek, jamoatchilik bilan hamkorlikda oila-turmush doirasida nizoli holatlar mavjud 210 oiladan 179 tasining ijtimoiy muhiti sog‘lomlashtirilib, 42 ta yosh oila ajralib ketishining oldi olindi.

Profilaktika inspektorlari tomonidan 37 ta jinoyat fosh etilib, 8 nafar qidiruvda bo‘lgan va 1 nafar bedarak yo‘qolgan shaxslar aniqlandi. Shuningdek, 11 ming 154 nafar shaxs hududiy mahalla huquq-tartibot maskanlariga olib kelinib, profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan.

Turli mazmundagi 5 ming 436 ta murojaat qonuniy tartibda ko‘rib chiqildi.

Matbuot anjumanida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi.