Samarqandda kelgusi 5 yil maktablarni rivojlantirishning dolzarb besh yilligi etib belgilandi

Bu haqda viloyat Matbuot uyida ta’lim tizimidagi yangiliklarga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari Xurshid Ochilov ma’lum qildi.

- Samarqandda haftaning juma kuni “Maktablar kuni” deb belgilandi, - dedi X.Ochilov. – Shuningdek, kelgusi besh yilda oliy toifali o‘qituvchilar ulushi 3,3 foizdan 7 foizga (4015 nafarga), birinchi toifali o‘qituvchilar ulushi 12,4 foizdan 16 foizga (9177 nafarga) oshiriladi. Chet tili fani o‘qituvchilarini qayta tayyorlash evaziga milliy (SEG‘R) va xalqaro (ILTS) sertifikatli pedagoglar ulushi 6 foizdan 10 foizga yetkaziladi. O‘rta-maxsus ma’lumotli pedagoglar 9,3 foizdan 5 foizga (2 ming 868 nafarga) tushiriladi.

Ayni kunlarda viloyatdagi pedagog kadrlarning malaka toifasini yaxshilash maqsadida attestatsiya jarayoniga 33923 nafar (60 foiz) pedagog kadrlar jalb qilingan. Shundan 5124 nafar oliy malaka toifasiga, 9515 nafar birinchi malaka toifasiga, 19224 nafar (malaka toifaga ega bo‘lmagan, toifasiz o‘qituvchilar) ikkinchi malaka toifasiga talabgor pedagoglar sifatida ishtirok etmoqda.

Shuningdek, sentyabr-oktyabr oylarida 15433 nafar (malaka toifasiga ega bo‘lmagan, toifasiz) pedagoglar navbatdan tashqari o‘tkaziladigan attestatsiya jarayoniga jalb etiladi.

“Samarqand tajribasi” sifatida 61 ta sektorda mutaxassis va ikkinchi toifali o‘qituvchilarga metodik yordam beruvchi Samarqand davlat universiteti O‘zbekiston – Finlandiya pedagogika instituti va maktablarning malakali o‘qituvchilaridan iborat “Mobil metodik guruhlar” tashkil etildi. Bu guruhlarga fundamental umumta’lim fanlardan 420 nafar eng ilg‘or, tajribali oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar saralab olindi. Ular 5 oy davomida 167 ta tayanch maktabda yosh va malaka toifasi bo‘lmagan 9385 nafar pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish uchun maxsus o‘quvlar tashkil etadi. O‘qish yakunida trenerlar tomonidan o‘tgan dars bo‘yicha o‘qituvchilar yakuniy sinovdan o‘tkaziladi. Uning natijasiga ko‘ra, 71 foizdan yuqori ko‘rsatkichga erishgan o‘qituvchilarga sertifikat beriladi.

Qolganlari esa yana 3 oy davomida qayta o‘qitiladi va qayta baholanadi. O‘qishning ushbu bosqichi 2022 yil sentyabr-noyabr oylarida amalga oshiriladi. Yaxshi va a’lo ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga sertifikat beriladi. Sinovdan o‘ta olmagan o‘qituvchilar kasbiga layoqatsiz deb topiladi.

Bu tajriba natijasida oliy toifali o‘qituvchilarning soni 3 foizga, birinchi toifali o‘qituvchilar 6 foizga va ikkinchi toifali o‘qituvchilar 7 foizga oshishi rejalashtirilgan.
Kelajakda bunday qayta tayyorlash guruhlari soni yana uchtaga oshib, o‘qitilishi zarur bo‘lgan barcha 28 ming nafar o‘qituvchi bu jarayon bilan qamrab olinadi.

Shunday qilib, 2022-2025 yillar davomida o‘qitilishi zarur bo‘lgan 28 ming nafar o‘qituvchi “Mobil metodik guruh” tomonidan o‘qitilib, kasbiy mahorati yuqori darajaga ko‘tariladi.
2026 yilga borib eng iqtidorli o‘qituvchilarning bazasi yaratiladi va ulardan taxminan 800 nafar eng munosiblari ajratib olinadi.