Samarqandda “Madaniy merosni asrash va uning turizm rivojiga qo‘shgan hissasi” I xalqaro ilmiy-amaliy simpozium o‘tkaziladi

Joriy yilning 4-5 dekabr kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi va Turizmni rivojlantirish instituti hamkorligida “Madaniy merosni asrash va uning turizm rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzusida I xalqaro ilmiy-amaliy simpozium bo‘lib o‘tadi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi “Samarqand viloyatining turistik salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida o‘tkazilmoqda.

Anjumanda ishtirok etish uchun O‘zbekistonning vazirlik, idora va hokimliklari, ilmiy doiralari, ilmiy-tadqiqot va o‘quv muassasalari, xalqaro tashkilotlarning 100 ga yaqin vakillari, soha mutaxassislari va ekspertlar taklif etilgan.

Tadbirni o‘tkazishdan maqsad – O‘zbekistonning, xususan, Samarqandning arxeologik va madaniy merosini asrash va ommalashtirish, turistik ob’yektlarning rekonstruksiyasi va restavratsiyasi bo‘yicha xorijiy mutaxassislar bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, restavratsion ishlarni takomillashtirish hamda me’moriy merosni asrashga doir strategik taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish, madaniy turizmning yangi shakllarini ishlab chiqish va targ‘ib qilishdan iborat.

Simpozium dasturidan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘rin olgan bo‘lib, unda madaniy merosni asrash va uning turizmni rivojlantirishga qo‘shadigan hissasiga oid dolzarb masalalar ko‘rib chiqiladi, xorijiy ekspertlar ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Tadbir doirasida mahalliy mutaxassislar bilan bir qatorda, Buyuk Britaniya, Italiya, Gretsiya, Fransiya, Germaniya, Hindiston, Yaponiya, Xitoy ekspertlari, shuningdek, YuNESKO va Jahon bankining O‘zbekistondagi vakillari ma’ruza o‘qiydi.

Tadbirlar davomida ishtirokchilar uchun Samarqand shahrining diqqatga sazovor maskanlari bo‘ylab ekskursiya uyushtiriladi. Noyob arxitektura yodgorliklarini asrashga mas’ul vazirlik va idoralar vakillari o‘rtasida konstruktiv muloqot yo‘lga qo‘yiladi. Tadbir yakuniga ko‘ra, simpoziumdagi ma’ruzalar va tezislar asosida to‘plam nashr etiladi.