Samarqandda mahbuslar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili — Ombudsmanning viloyatdagi mintaqaviy vakili hamda viloyat hokimligi hamkorligida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda qiynoqqa solish hamda boshqa g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalaning oldini olish bo‘yicha 2022 yil uchun mo‘ljallangan bir qator ishlar rejalashtirilgan.
Mazkur ishlar doirasida Past Darg‘om tumanidagi 37-sonli jazoni ijro etish manzil-koloniyasida mahkumlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, davlat tomonidan aholi uchun qaror va farmonlar asosida berilgan imtiyozlardan xabardor qilish hamda sayyor qabul tadbirlari tashkil etildi.
Ombudsmanning viloyatdagi mintaqaviy vakili Diyor Husanovning zarnews.uz’ga ma’lum qilishicha, 16 nafar tibbiy xodimlar maxsus uskunalar bilan jihozlangan 2 ta avtobus va 6 xil turdagi ko‘chma tibbiy jihozlar bilan jazoni ijro etish manzil-koloniyasiga keldi. Bu yerda mahkumlar 14 xil tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tibbiy ko‘rik jarayonlari viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ul xodimi, Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili va 37-sonli jazoni ijro etish manzil-koloniyasi rahbari ishtirokida kuzatib borildi.
Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda qabul qilingan bir qator tegishli huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati va aholiga berilgan imtiyozlar yuzasidan huquqiy tushuntirish berildi.
Shundan so‘ng tashkil etilgan sayyor qabul jarayonida mahkumlarning murojaatlari tinglandi. Unda tushgan 24 ta murojaatning 10 tasi bo‘yicha huquqiy maslahat berildi, 14 tasi murojaat tegishli tashkilotlar bilan hal etish uchun yozib olindi.