Samarqandda o‘qishga kiritishni va’da qilgan qalloblar qo‘lga olindi
Jomboy tumanida yashovchi fuqaroni Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga pul evaziga olib kirmoqchi bo‘lgan shaxs IIB va DXX viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida ushlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, Qashqadaryo viloyatidan ro‘yxatdan o‘tgan “Kesh turon Centr-C” MChJ rahbari S.S. Jomboy tumanida yashovchi U.Sh.ni Samarqand veterinariya meditsinasi institutining magistraturasiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 17 ming AQSh dollari olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
***
Samarqand shahridagi “Ibn Sino” nomidagi jamoat salomatligi texnikumi devonxona inspektori mahalliy fuqaroni mazkur texnikumga o‘qishga kiritish uchun 800 AQSh dollari talab qilgan.
DXX viloyat va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmalari hamkorligida o‘tkazgan tezkor tadbir davomida “Ibn Sino” nomidagi jamoat salomatligi texnikumi devonxona inspektori S.O. Bulung‘ur tumanida yashovchi fuqaro U.M.dan kelishilgan pulning 700 AQSh dollarini olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
***
Samarqand davlat chet tillar instituti ingliz tili II fakulteti o‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari institutning 2-kurs talabasini oraliq imtihonlardan o‘tishida ko‘maklashish va talabalar safidan chetlatmaslik evaziga 600 AQSh dollari talab qilgan.
DXX viloyat va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmalari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida dekan o‘rinbosari I.S. talabadan kelishilgan pulning 550 AQSh dollarini xizmat xonasida olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.