Samarqandda o‘quvchi maktab hovlisida mol boqib yurgani, ayrim direktorlar esa maktabdan qadamini "uzgani" aniqlandi

Xabaringiz bor, Xalq ta’limi vazirligining tashabbusi bilan bir guruh fidoyi o‘qituvchilar o‘quvchilar uchun onlayn darslarni tasvirga olish yo‘lida bor imkoniyatini safarbar etyapti.

Ammo Samarqand viloyatidagi ayrim maktablarda karantin tadbirlarini tashkil etish, o‘quvchilarning onlayn dars olishlarini masofadan joriy etish, o‘qituvchilar faoliyatini nazorat qilish vazifasi yuklatilgan ba’zi direktorlarimiz xotirjamlikka berilib, maktabdan qadamini uzdi. Ularga mas’uliyat, o‘z kasbiga bo‘lgan fidoyilik, o‘quvchi taqdiriga aloqadorlik tushunchalari begona ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Masalan, 4 aprel kuni Past Darg‘om tumanidagi 3-umumta’lim maktabiga borganimizda kirish darvozalari qulfligiga guvoh bo‘ldik. Ammo ichkarida 4-5 nafar voyaga yetmagan bolalar qorovulxonada o‘tiribdi, qo‘lida to‘p. Yana 1 nafari esa maktab hovlisida mol boqib yuribdi.

Qorovulxona devoriga ko‘zbo‘yamachilik qilib, maktab direktori va uning o‘rinbosarlaridan iborat navbatchilik jadvali ham osib qo‘yilgan. Biroq o‘sha navbatchidan ham, qorovuldan ham darak yo‘q. Qisqasini aytganda, maktab egasiz va nazoratsiz qolgan.

Bolalardan so‘rab, ulardan biri qorovulning farzandi ekanini bildik va qorovulni uyidan chaqirtirib oldik. Qorovulning aytishicha, maktab direktori 30 martdan boshlab bir kun ham maktabga kelmagan. Maktabni toza-ozoda saqlash, xo‘jalik ishlari o‘rinbosari, qorovul va boshqa mas’ul xodimlarning ishini ayni karantin davrida muvofiqlashtirib, berilayotgan tezkor topshiriqlarga ko‘ra ish olib borish, dezinfeksiyalash ishlariga bosh-qosh bo‘lib turadigan direktorning bu ishini qanday tushunish mumkin? Yana uyida o‘tirib, darsini tayyorlashi kerak bo‘lgan o‘quvchilarning ko‘cha-ko‘yda, aynan maktabda bemalol, bemaqsad yurganini bu kabi loqayd direktorlar nima bilan izohlaydi? Olib borilayotgan karantin ishlaridan nima naf unda?

Bu birgina holat emas. Yana shu tumandagi 28-IDUM direktori telegram orqali hech qanday asosga ega bo‘lmasdan o‘qituvchilarga topshiriq beryapti. Uning talabi bo‘yicha o‘qituvchilar televideniye orqali namoyish etilayotgan videodarslarni o‘quvchilar bilan birga kuzatishi kerak ekan. Agar bu talab bajarilmasa, o‘qituvchilarning kunlik oylik maoshlari to‘lanmasligidan ogohlantirgan. Davlat va hukumat o‘qituvchiga keng imkoniyat berib, karantin qoidalariga rioya qilgan holda masofadan ishlashga ruxsat berib turganda, bu kabi o‘zboshimchalik, kaltabinlikni qanday tushunish mumkin?

Samarqand shahridagi 41-umumta’lim maktabi o‘quvchilaridan birining onasi Xalq ta’limi vazirligining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifasi orqali murojaat qilib, maktabda onlayn darslarni tashkil etish, masofadan ishlash bo‘yicha hech qanday ish olib borilmayotgani to‘g‘risida haqli ravishda e’tiroz bildirgan. Ushbu holat o‘rganilganda sinf rahbarining loqaydligi tufayli u telegramda tuzilgan guruhga kiritilmay qolib ketgan. O‘qituvchi o‘quvchining nima bilan mashg‘ul ekanligidan bexabar. Ayni paytda direktor ham bu boradagi ishlarning tashkil etilishiga befarq bo‘lgan.

Sanayversak kamchiliklar ko‘p. Ammo haqiqat shuki, maktab direktorlarining bu xatti-harakati davlatga, xalqqa, o‘z kasbiga qilayotgan eng katta xiyonatidan boshqa narsa emas. Biz ushbu holatlarga indamasdan ko‘z yumib qo‘ymaymiz. Bundan, ayniqsa, o‘z-o‘ziga ta’til e’lon qilib yurgan, ishni o‘z holiga tashlab qo‘ygan yuqoridagi kabi maktab direktorlari o‘z vaqtida xulosa chiqarsin!

Viloyat xalq ta’limi tizimida ishlayotgan o‘qituvchi va direktorlar, mudirlar, bo‘lim boshliqlari qulog‘iga quyib olsin: birorta maktab o‘quvchisi nazoratdan chetda qolmasin. Har bir xodim, pedagog masofadan turib, ishini shu nuqtai nazardan qayta ko‘rib chiqsin va o‘z vazifasini vijdonan bajarsin! O‘qituvchi “masofadan ishlayapman”, deb xotirjamlikka berilmasin, zimmasida xalq farzandini savodli qilish, uning kelajagiga bevosita daxldor ekanligini his qilsin. Telefon orqali, telegram orqali o‘quvchisidan xabardor bo‘lsin, ota-onasi bilan doimiy muloqot o‘rnatsin! Xalq ta’limi bo‘limi mudirlari ham tegishli xulosa chiqarib, ishga mas’uliyat bilan yondashsin!

Saidahmad USMONOV,

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i.