Samarqandda qancha talaba ijarada istiqomat qiladi?

Bugun respublikamizda talabalarning turar joy bilan ta’minlanishi muammoga aylangan. Oliy ta’lim muassasalari tasarrufidagi yotoqxonalarning kam o‘rinli yoki umuman yo‘qligi talabalarni ijarada yashashga majbur qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosarining 2021 yil 26 fevraldagi topshirig‘i hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2021 yil 5 martdagi “Oliy va professional ta’lim muassasalari talaba va o‘quvchilarining yashashi uchun qulay sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish to‘g‘risida”gi buyrug‘ida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqanddagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari qanday ishlarni amalga oshirdi?

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti ushbu buyruqqa asosan institut talabalarning turar joylarini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tuzdi. Ishchi guruh tomonidan ikki hafta mobaynida talabalarning yashash sharoitlari va ijara xonadonlarining holati qizil (og‘ir sharoit), sariq (o‘rta sharoit) va yashil (yaxshi sharoit) toifalarga ajratilgan holatda o‘rganib chiqildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, institut talabalari Samarqand shahrida joylashgan 176 ta mahalla, 739 ta xonadonda ijarada turishi aniqlandi. O‘rganilgan 739 ta xonadonning 312 tasi yashil, 378 tasi sariq va 49 tasi qizil toifaga kirishi aniqlandi.

Qizil va sariq toifadagi ijara xonadonlarida yashovchi talabalarning yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida Samarqand shahridagi mahallalar, ko‘chmas mulk agentliklari, profilaktika inspektorlari, ijara xonadon egalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi va 2021 yil 15 aprel holati bo‘yicha qizil toifaga kiritilgan xonadonlarda yashovchi talabalarning barchasi yashil toifadagi ijara xonadonlariga o‘tkazildi.

Shuningdek, 2021 yil 13 aprel kuni mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektorda davlat rahbari 2021 yil 1 maydan boshlab talabalarga ijara to‘lovining yarmi davlat tomonidan qoplab berilishini ta’kidlagan edi.

Hozirgi kunda ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida talabalarning ijara xonadonlari to‘lovining 50 foizini to‘lab berish maqsadida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan hamda faol va alohida o‘rnak ko‘rsatgan ijarada turuvchi talabalar ro‘yxati shakllantirilmoqda.

Samarqand davlat chet tillar institutida 7803 nafar bakalavr va magistrantlar tahsil olmoqda. Talabalarning 638 nafari institut talabalar turar joyida yashaydi, 1979 nafari institut atrofidagi mahallalarda ijarada istiqomat qiladi.

Shuningdek, 5186 nafar talaba (4598 nafar bakalavr hamda 588 nafar magistrant) o‘z uyidan qatnab o‘qiydi.

Shu kungacha ijarada turuvchi 735 nafar talabaning yashash sharoiti o‘rganib chiqildi. Jumladan, institutda tahsil oluvchi qizil hududda yashovchi 80 nafar talabaning 30 nafari, sariq hududda yashovchi 822 nafar talabaning 370 nafari, yashil hududda yashovchi 1145 nafar talabaning 335 nafarining sharoiti o‘rganildi.

Qizil va sariq hududdagi talabalarning sharoitini yaxshilash maqsadida institutga tegishli 200 o‘rinli ta’mirtalab talabalar turar joyi joriy yilning noyabr oyiga qadar mukammal ta’mirlanib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirildi. Shuningdek, institutda davlat xususiy sheriklik asosida 600 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar turar joyi binosini qurish va 2022 yilning aprel oyida foydalanishga topshirish ko‘zda tutilmoqda.

Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida kunduzgi ta’lim yo‘nalishida jami 5232 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularning 828 nafari talabalar turar joyida, 1370 nafari ijarada, 423 nafari yaqin qarindoshinikida, 2611 nafari o‘z uyida istiqomat qiladi.

Talabalarning 659 nafari yashil hududda, 711 nafari sariq hududda yashaydi. Yashash sharoiti yomon bo‘lgan ijara xonadonlari aniqlanmagan.

Yashash sharoiti og‘ir bo‘lgan ijarada yashovchi talabalardan 10 dan ziyodiga guruh murabbiylari tomonidan yordam berildi. 9 nafar talabaga talabalar turar joyidan joy ajratildi.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali talabalari Samarqand shahrida joylashgan 149 ta xonadonda ijarada turishi aniqlandi. O‘rganilgan 149 ta xonadonning 77 tasi yashil, 66 tasi sariq va 6 tasi qizil toifaga kirishi aniqlandi.

O‘rganish natijasida qizil toifaga kiritilgan xonadonlarda yashovchi talabalarning barchasi yashil toifadagi ijara xonadonlariga o‘tkazildi. Hozirgi kunda qizil toifaga kiritilgan ijara xonadonlarida yashovchi filial talabalari mavjud emas.

Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida 386 nafar talaba tahsil oladi. Filialda yotoqxona yo‘qligi sababli talabalarning 318 nafari 58 ta xonadonda ijarada yashaydi. Ijara xonadonlarda yashovchi talabalarning guruhlar kesimida yashash manzillari ro‘yxati shakllantirildi. Talabalarning yashash sharoiti o‘rganildi. O‘rganish natijasida 44 ta ijara xonadon yashil, 9 tasi sariq va 5 tasi qizil guruhga ajratildi.

Ijarada yashovchi talabalar turar joyini o‘rganish yuzasidan Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat tibbiyot instituti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialidan ma’lumot taqdim etilmadi.