Samarqandda qurilish ishlari ko‘lami kengayadi
Xalq deputatlari viloyat Kengashining yetmish oltinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyani Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.
Dastlab, Oliy Majlis Senati Kengashining 2022 yil 8 noyabrdagi “Mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha belgilangan loyihalar ijrosini nazorat qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash masalasi ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 25 oktyabrda qabul qilingan “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda mazkur qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan viloyat hokimining 4 noyabrdagi qarori bilan viloyatda 585 mahallada 588 ta loyiha amalga oshiriladi.
Jumladan, bu loyihalarning 296 ta ichki yo‘llar, 189 tasi ichimlik suvi va oqova suv ta’minoti, 51 tasi elektr energiyasi va 5 tasi gaz ta’minoti bilan bog‘liq.
Mahallalarda bu ishlarning amalga oshirilishi respublika va viloyat darajasida mas’ullar tomonidan nazorat qilib, muvofiqlashtirib boriladi.
Xususan, Oliy Majlis Senatidan palataning axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev viloyatga mas’ul etib belgilangan.
Sessiyada F.Boqiyev ishtirok etib, belgilangan vazifalarni amalga oshirishda mutasaddi tashkilotlar hamda deputatlar mas’uliyati haqida so‘z yuritdi.
Shundan so‘ng, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 noyabrdagi “Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Xorazm viloyatlari aholisining turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan viloyat aholisi turmush sharoitini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi doirasida mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari, ichki yo‘llar, ichimlik suvi, elektr energiyasi, gaz ta’minoti va boshqa infratuzilma ob’yektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash hamda modernizatsiya qilish ob’yektlariga bosh loyihachi tashkilotlar va bosh pudratchi tashkilotlarni tasdiqlash haqidagi masala ko‘rib chiqildi.
Deputatlar loyiha va pudratchi tashkilotlarni tasdiqlash bilan birga belgilangan ishlarni halol-pok, davlatning puliga xiyonat qilmay bajarish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Shuningdek, sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 martdagi “2022-2026 yillarda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ajratilgan respublika byudjeti mablag‘larining 2022 yilda iqtisod qilingan qismini viloyatda ichki yo‘llarni ta’mirlashga yo‘naltirish to‘g‘risidagi, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qo‘yish bo‘yicha mulkdorlar bilan ochiq muhokama o‘tkazishga ruxsat berish to‘g‘risidagi, 2022 yil III chorak yakunlari bo‘yicha viloyat hokimi o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorligi natijalarini tasdiqlash haqidagi, viloyatdagi ayrim nomsiz aholi punktlarini nomlash to‘g‘risidagi, viloyat mahalliy byudjetning 2022 yil xarajatlarini maqbullashtirish va mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi va boshqa bir qator masalalar tasdiqlab olindi.
Ushbu masalalarni tasdiqlash jarayonida viloyat hokimi E.Turdimov keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p muhokama bo‘layotgan Samarqand shahri ko‘chalaridagi tirbandliklar, Amir Temur ko‘chasi rekonstruksiyasi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.
– Amir Temur ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘yicha xalqaro darajada tanlov o‘tkazildi va hozirda bu ishlarni amalga oshiradigan loyihachi va pudratchi tashkilotlar aniqlandi, – dedi E.Turdimov. – Yil yakuniga qadar ko‘chada ishlar boshlanadi. Shuningdek, Gagarin ko‘chasida – Rudakiy va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari bilan kesishgan chorrahalarda ikkita tunnel, shu yo‘lning Qorasuv massivigacha bo‘lgan qismida - temiryo‘l va Siyob arig‘i ustida ikkita ko‘prik quriladi. Bu ishlar ham xalqaro standartlar bo‘yicha, xorijdan mutaxassislar jalb etilgan holda bajariladi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, uchinchi sektor rahbari R.Mamatov davlatimiz rahbarining 2021 yil 10 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi yuzasidan hisobot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilda davlat dasturlari asosida viloyat uchinchi sektori hududida 43 ta ob’yektni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari olib borilishi belgilangan bo‘lib, 1 noyabr holatida 33 ta ob’yektda ishlar yakunlanib, foydalanishga topshirilgan. 4 ta ob’yekt yildan yilga o‘tadi, 6 ta ob’yekt esa 1 dekabrga qadar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu ob’yektlarni qurish uchun 6 ta buyurtmachi tashkilot belgilanib, 213 milliard 375 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
Sektor hududiy ishchi guruhi hamda ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan qurilish ishlari borishi o‘rganilganda, misol uchun, Urgut tumani Mergancha mahallasi hududidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida yangi maktab qurilishida, Samarqand tumani Gulobod qo‘rg‘onidagi Prezident ta’lim muassasalari tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab qurilishi va jihozlanishida, Nurobod tumani Saroyqo‘rg‘on qishlog‘idagi 39-maktab filiali qurilishi jarayonida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlanib, ular bartaraf etildi.
Sessiyada viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 28 apreldagi “2022-2026 yillarda Samarqand viloyati hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan yo‘l xaritasida belgilangan turizm, madaniyat, madaniy meros yo‘nalishi bo‘yicha topshiriqlarning ijrosi bo‘yicha hisobot berdi.
Samarqand xalqaro turistik markazi qurilishi, Samarqand xalqaro aeroporti, Imom Buxoriy majmuasining yangidan bunyod etilishi, yaratilgan qulayliklar tufayli viloyatda turizmni jadal rivojlantirish imkoniyatlari tug‘ildi.
- Hozirda Samarqand xalqaro aeroporti orqali har hafta Moskva shahriga 15 ta, Istanbulga 6 ta, Krasnodar va Yekaterinburg shaharlariga 5 tadan, Sochi va Olma-Ota shaharlariga 4 tadan, Sankt-Peterburg va Krasnoyarsk shaharlariga 3 tadan, Dubayga 2 ta va boshqa aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda, – dedi R.Qobilov. – Yil boshidan buyon 4248 o‘rinli 32 ta yangi mehmonxona ochildi va mehmonxonalar soni 154 taga yetib, bir vaqtning o‘zida 10 733 nafar sayyohni qabul qilish imkoniyati yaratildi. Yil yakuniga qadar yana 310 o‘rinli 5 ta mehmonxona foydalanishga topshiriladi. 2022 yil noyabr oyiga qadar viloyatga 114 davlatdan 613 ming nafar xorijiy turistlar tashrif buyurdi. Ayni paytda sayyohlarning viloyatda o‘rtacha qolishi 2,6 kunni tashkil qilmoqda. Bu muddatni besh kunga yetkazish uchun turistik marshrut ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.
Viloyatda davlat byudjeti va mahalliy byudjet daromadlari prognoz ko‘rsatkichlarining III chorak yakuni bo‘yicha ijrosi to‘g‘risida viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i B.Mirzayevning hisoboti eshitildi.
Ta’kidlanishicha, hisobot davrida daromadlar rejasi 3 trillion 10 milliard so‘m etib (113 foiz) bajarildi. Mahalliy byudjetning xarajatlar qismi esa 99,7 foizga ijro etilib, 5 trillion 497 milliard so‘mlik xarajatlar amalga oshirildi.
9 oyda 38,2 milliard so‘m qo‘shimcha daromad manbalari aniqlangan. Jumladan, 2726 korxonada 8594 nafar norasmiy ishlab kelayotgan ishchi-xizmatchilar belgilangan tartibda rasmiylashtirildi.
Shuningdek, yilning olti oyida 6115 ta yuridik tashkilot davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lsada, dastlabki taxlil jarayonida 5195 tasi soliq to‘lamasdan kelayotganligi aniqlandi. O‘rganishlar natijasida 2358 ta sub’yektdan 1659 tasi faoliyat ko‘rsatib kelayotganligi hamda 3636 nafar xodim norasmiy ishlab kelayotganligi ma’lum bo‘ldi.
B.Mirzayevning qayd etishicha, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish holati o‘rganilganda tumanlardagi ta’lim va tibbiyot muassasalarida oylik va ustamalarni noto‘g‘ri hisoblash, qo‘shib yozish holatlari aniqlangan. Bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda choralar ko‘rilgan.
Sessiyada xalq ta’limi tizimini 2022 yilda rivojlantirish bo‘yicha viloyat dasturi ijrosi yuzasidan viloyat pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi rahbari A.Ibragimovning hisoboti eshitilib, mazkur muassasa faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha deputatlar tomonidan takliflar bildirildi.
Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.