Samarqandda «Sharq taronalari» festivali bu yil qanday o‘tadi?
Samarqandning ulug‘vor Registon maydonida 26-30 avgust kunlari o‘n ikkinchi bor «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali o‘tkaziladi. Yildan yilga nufuzi oshib borayotgan ushbu festival nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham mashhur san’atkorlar, olimlar, xalqaro tashkilotlar tomonidan e’tirof etilmoqda. Bu esa bizdan festivalga yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rish, g‘oyalar bilan boyitish, ishtirokchilarga O‘zbekistonning boy madaniy va ma’naviy merosini o‘ziga xos tarzda namoyish etish mas’uliyatini yuklaydi. 2017 yilda o‘tkazilgan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalida nufuzli san’atkorlarning ishtiroki, Registon maydonining betakror sahnasi, ishtirokchilarning tumanlarda uyushtirgan konsert dasturlari barchaga unutilmas lahzalar hadya etgandi. Xo‘sh, bu yilgi festivalda qanday o‘zgarishlar amalga oshiriladi? Samarqand shahrida tayyorgarlik jarayonlari qanday olib borilmoqda?
- 2019 yil 25 aprelda Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida qabul qilingan nizomga ko‘ra, bu yil festivalni o‘tkazish bo‘yicha bir qator yangiliklar qilindi, - deydi «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali direksiyasi ijrochi direktori Farhod Jo‘rayev. - Nizomga ko‘ra, bu yil tanlov ishtirokchilarining chiqishlari ikki yo‘nalish - an’anaviy xalq musiqasi va qo‘shiq hamda zamonaviy kompozitorlar tomonidan yaratilgan musiqa va qo‘shiq yo‘nalishlarida baholanadi. «Eng yosh ishtirokchi», «Muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan eng yaxshi ishtirokchi», «Eng yaxshi cholg‘u musiqasi ijrochisi» kabi nominatsiyalarda ham ishtirokchilar maxsus diplom hamda 500 AQSh dollari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Nafaqat Samarqand, balki O‘zbekistonning gavhari bo‘lgan Registonning badiiy ko‘rinishi saqlangan holda, Sherdor va Ulug‘bek madrasalarining yonida yurtimizning 14 hududi uchun pavilonlar quriladi.
Kelgan san’atkorlar, faxriy mehmonlar va festival ishtirokchilari faqatgina Samarqand haqida emas, boshqa viloyatlar madaniyati, san’ati haqida ham ma’lumotga ega bo‘ladi. Masalan, Xorazm o‘zining Ichan qal’asi, Buxoro Arki, Qashqadaryo Oqsaroyi bilan mashhur. Ushbu pavilonlarda har bir viloyat o‘z an’ana va urf-odatlari, tarixini namoyish etishi belgilangan. Shuningdek, festivalda 80 dan ortiq davlatlar, 30 ta xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Festival doirasida o‘tkaziladigan “Sharq xalqlari an’anaviy musiqa san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada xorijlik va mahalliy taniqli musiqashunos olim va mutaxassislar hamda tadqiqotchilar o‘z ma’ruzalari bilan qatnashadi. Bu yil ham ushbu xalqaro musiqa bayramiga o‘ziga xos tarzda tayyorgarlik ishlari olib borilyapti.
Registon o‘zining salobati, tarixiy ahamiyati bilan dunyoga mashhur bo‘lgan joy. Festivalning aynan Samarqandda o‘tkazilishi ham bejiz emas. Ushbu maydonda festivalga tayyorgarlik jarayonlari allaqachon boshlangan. Hozirda maydon o‘rtasida katta sahna o‘rnatish ishlari olib borilyapti. Shuningdek, Tillakori madrasasining gumbazi restavratsiya qilinmoqda.
- Tillakori madrasasining katta gumbazi mohir ustalarimiz tomonidan xataba usulida ta’mirlanyapti, - deydi Registon ansambli mustaqil direksiyasi rahbari Behruz Ma’rufiy. – Koshinlar ham zamonaviysiga almashtirilmoqda. Oldingi koshinlar yetti santimetrli loydan yasalgan, og‘irligi bir kilo bo‘lgan bo‘lsa, hozirgisi maxsus texnologiyalar asosida chinnidan yasalgan, rangi o‘chmaydigan koshinlar bilan bezatiladi. Tillakori madrasasining katta gumbazi avgust oylarining oxirigacha bitkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek yozgi masjid galereyasida ham xalqaro konferensiyalarni o‘tkazish uchun ta’mirlash ishlari olib borilyapti. Bu yil o‘tkaziladigan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivaliga tayyorgarlik doirasida Registon maydoni atrofidagi gullar qayta ekilib, yo‘laklar ta’mirlanadi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulaylik yaratish maqsadida maxsus yo‘laklar tashkil etildi.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.