Samarqandda temir yo‘lga chipta topib berishni va’da qilgan uddaburon fosh etildi

Joriy yilning 5 noyabr kuni viloyat IIB transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan fuqaro “Afrosiyob” tezyurar poyezdida Toshkentga ketish uchun chipta olish maqsadida Samarqand temir yo‘l vokzali kassasiga kelgan.

Kassadagi xizmatchi esa unga hozircha tezyurar poyezd uchun chipta yo‘qligi, agar qo‘shimcha pul tashlab ketsa, topib berishini aytgan. Gumonlanuvchi kassa xodimi yo‘lovchidan 125 ming so‘m hamda 5 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtda viloyat IIB transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida ushlangan.
Tadbirda yuqoridagi pul mablag‘lari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Samarqand viloyati IIB transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi.