Samarqandda vaksinalarni sifatli saqlovchi inshoot foydalanishga topshirildi
Bugun Samarqandda vaksinalarni saqlash uchun zamonaviy omborxona ishga tushdi. Ushbu ob’yektning ochilish marosimida Sog‘liqni saqlash vazirligi, YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, respublika va viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi xodimlari ishtirok etdi.
- YuNISEF loyihasi asosida O‘zbekistondagi barcha viloyatlarda bu kabi sovuqlik zanjiri inshootlari qurilib foydalanishga topshirilmoqda, - dedi YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi sog‘liqni saqlash bo‘limi rahbari Sufang Guo. – Aholi soni ko‘paygani sari har bir hududda vaksinalarni sifatli saqlash muhim ahamiyatga ega. Mazkur omborxonada bir yoshgacha bo‘lgan 88 mingdan ziyod bolalarni emlash uchun mo‘ljallangan vaksinalarni saqlash imkoni bor. Elektr energiyasidagi vaqtincha uzilish bo‘lgan taqdirda ham ushbu omborxonadagi vaksinalarni 8-10 soatga qadar sifatli saqlash mumkin. Loyihamiz davomida mamlakat bo‘yicha 21 ta sovuqlik zanjiri ob’yektlarini qurish va ularni zarur uskunalar bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Hozirga qadar viloyatlarda, keyinchalik aholisi ko‘p tumanlarda, jumladan, Urgutda ham shunday vaksina ombori qurish niyatidamiz.
Aytish kerakki, dunyo miqyosida vaksinalar yordamida 5 yoshgacha bo‘lgan 3 million bolani o‘lim xavfidan asrab qolish mumkin. Immunizatsiya kelgusi avlodlar uchun aholi sog‘ligini saqlashga qaratilgan eng muvaffaqiyatli va iqtisodiy jihatdan foydali investitsiyalardan biridir.
Marosimda viloyat hokimi o‘rinbosari R.Qobilov ishtirok etdi.
Gulruh MO‘MINOVA.