Samarqandda yana bir firibgarlik jinoyati uchun hukm o‘qildi. Bu safar qora kursida ayollar

Mazkur firib tuzog‘iga tushgan dastlabki fuqaro Isroilga ketish uchun 11 ming dollar xizmat haqiga rozi bo‘ladi va 5 ming dollar beradi. Keyingi jabrlanuvchi 14 ming dollarga kelishib, 9 mingini beradi.

Bu pullarni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan sudlanuvchi o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, yana o‘nlab fuqarolar ishonchiga kiradi. Ularning turli qiymatdagi pullarini takroran firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritadi.

Aniqlanishicha, Larisa (ism, familiyalar shartli) 2009 yildan 2012 yilga qadar Isroilning Tel-Aviv shahrida oshpaz bo‘lib ishlagan. Shu vaqtlarda u yerlik fuqaroga turmushga chiqqan, biroq 2012 yil oxirlarida uyiga qaytib 2019 yilda xususiy korxonasini tashkil qilgan.

Tassufki, turizm faoliyatini amalga oshiruvchi korxona rahbari xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarga ularni o‘z korxonasi orqali Isroilga yuborish, u yerda yaxshi sharoit, ish o‘rni bilan ta’minlash haqida yolg‘on va’dalar bergan. Bu gapga ishonganlar ko‘plab topilgani yanada hayratlanarli.

Larisa murojaat qilgan fuqarolardan xorijga chiqish pasporti, tug‘ilganlik haqida guvohnomasi nusxasi, farzandlarining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi va pasporti nusxasi, o‘quv markazidan tibbiy kursi sertifikatini olib kelishini aytgan. Ushbu hujjatlarni Isroilga yuborishini, u yerdan shartnoma kelganidan so‘ng elchixonaga kirib suhbatdan o‘tishini, korxonasi ofisida tashkil qilingan yevriy tilini o‘rganish bo‘yicha darslarga qatnashib turishini aytgan.

Qariyb bir yildan so‘ng Larisa ularni aldab yurganligini anglab yetgan fuqarolar IIBga ariza bilan murojaat qiladi. Mol achig‘i jon achchig‘i emasmi, anchadan buyon ko‘rinmay qolgan Larisa ushbu ofisga qarshi xonada ko‘rgan jabrlanuvchilar to‘polon ko‘targan. Bu vaqtda Mastura Eshniyozova kelib “Larisa sizlarni Isroilga olib bora olmaydi, chunki bunaqa ishlar uning qo‘lidan kelmaydi”, degan. Agar rozi bo‘lsa boshqa kishi orqali Isroilga ishga yuborishini aytgan.

U bunga rozi bo‘lgan Shoirani Larisaning opasi Mohigul Rustamovaning uyiga olib borgan. M.Rustamova hujjatlarni ko‘rib chiqib, ayrim joylarini o‘zgartirib kelishini, Isroilga 12 ming dollarga yuborishini, boshlanishida 2 ming dollar berishini, ushbu pullarni M.Eshniyozovaga berishini bildirgan. Qolgan pullarni ham Masturaga berishini va Larisadan 5 ming dollarni qaytarib olganligi haqida tilxat yozishni aytib, o‘quv markazi tomonidan berilgan sertifikat va tug‘ilganlik haqida guvohnoma nusxasini olib qolgan.

Bu gaplarga qadar Shoira Larisaga chora ko‘rishni so‘rab Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Samarqand shahar bo‘limiga ariza bergan. Shu bois bo‘lib o‘tgan gaplar haqida ularga aytganidan so‘ng tadbir o‘tkazilib, M.Eshniyozova 2 ming dollarni olgan vaqtda ushlangan.

Albatta, jabrlanuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, firibgarlik yo‘li bilan olingan pullar qaytarilgan. Ammo bu holat jinoyatchilarni muqarrar jazodan ozod qilmaydi. Shu bois, sud Larisaga oylik ish haqining 20 foizini davlat hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 2 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.

Uning opasi va Mastura Eshniyozovaga bazaviy hisoblash miqdorining 70 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlanib, davlat daromadiga undirish belgilandi.

Jabrlanuvchilarga sudlanuvchilarning jinoiy qilmishi natijasida yetkazilgan boshqa moddiy va ma’naviy zararlarni undirish yuzasidan da’vosi bo‘lgan taqdirda, fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanligi tushuntirildi.

M.To‘xtayev, viloyat sudi sudyasi,
F.Samatov, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.