Ko‘proq bolaga yo‘llanma berish imkoniyati bor, ammo oromgohlarning o‘zi sanoqli: Samarqandda yozgi oromgohlar soni ko‘paytirilishi aytilmoqda
Rossiya Federatsiyasidagi yozgi oromgohlarning qamrovi 30 foizni, Belarusda esa 15 foizni tashkil etadi. Yurtimizda, xususan, viloyatimiz bo‘yicha bu ko‘rsatkich 5-6 foizdan oshmaydi. O‘tgan yillarda birgina Samarqandda 10 dan ortiq oromgohlar xususiylashtirilib, yopib yuborilgan.
Bu haqda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan press-turda kengashi raisi Suhrob Rafiqov ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, ayni kunda yurtimizdagi barcha oromgohlarni O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi balansiga o‘tkazish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda. Agar bu amalga oshsa, tizimda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus agentlik tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Viloyatimizga to‘xtaladigan bo‘lsak, hozir hududda 18 ta statsionar oromgoh va 56 ta sog‘lomlashtiruvchi maydoncha faoliyat yuritmoqda. Joriy mavsum ularda jami 22 ming 370 nafar bolani dam oldirish rejalashtirilgan. 18 iyul holatiga 15 ming 423 nafar bola oromgohlarga qabul qilingan.
— Bu viloyatimiz uchun juda kam ko‘rsatkich, - deydi S.Rafiqov. – Kasaba uyushmalarida ko‘proq bolaga yo‘llanma berish imkoniyati bor, ammo oromgohlarning o‘zi sanoqli bo‘lsa, nima qilaylik. Shu bois federatsiyamiz tashabbusi bilan viloyatning so‘lim maskanlarida yangi oromgohlar tashkil etish rejalashtirilgan. Jumladan, Qo‘shrabot va Urgut tumanlarida bunga mos keluvchi hududlar bor. Hozir ularning loyihasi ustida ishlayapmiz.
Mavzuga oid savol-javoblardan so‘ng jurnalistlar Samarqand tumanidagi “Do‘stlik” yozgi sog‘lomlashtirish oromgohi faoliyati bilan tanishtirildi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi mazkur oromgoh 350 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bugungacha unda ikki navbatda 650 nafar bola sog‘lomlashtirilgan. Oromgoh hududida basseyn, futbol, voleybol va turli ko‘ngilochar o‘yinlar uchun moslashtirilgan maydonchalar, badiiy chiqishlar uchun sahna mavjud.
— Oromgohga kelganimizga 5 kun bo‘ldi, - deydi buxorolik Rustam Saidov. – Zerikkanimiz yo‘q. Murabbiylar har kuni yangi o‘yin va musobaqalar tashkil etyapti. Ovqatlari ham juda mazali. Do‘stlarim bilan vaqtni qiziqarli o‘tkazyapmiz.
Mazkur oromgohga asosan temir yo‘l tizimida ishlovchi xodimlarning farzandlari yuboriladi. Ular ichida Navoiy, Buxoro, Jizzax viloyatidan kelganlar ko‘pchilikni tashkil etdi. Oromgoh boshqaruvchisi Davron Mamatqulovning aytishicha, aslida oromgohda bir bola uchun 1 million 300 ming so‘m to‘lov qilinishi kerak. Kasaba uyushmasi to‘lab bergan “kompensatsiya”dan keyin ota-onalar bor-yo‘g‘i 200 ming so‘m to‘lov qiladi.
Asqar Barotov.