Samarqanddagi qurilish jarayonlarida 4,3 milliard so‘mlik qo‘shib yozish holatlari aniqlangan
Joriy yilda viloyatda “Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi” davlat muassasasi buyurtmachiligida 1495,5 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 231 ta, jumladan, 133 ta (106 ta maktab, 27 ta MTT) ob’yektda qurilish rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash ishlari olib boriladi. Bu haqda viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi hamda viloyat qurilish va uy-joy kommunal sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.
- Investitsiya dasturi doirasida o‘tgan yilda 1189,9 milliard so‘m mablag‘ sarflanib 194 ta ob’yektdan 137 tasi foydalanishga topshirildi, - deydi viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Bahodir Negmatov. - Dasturlar doirasida ob’yektlar loyiha hujjatlarini alohida o‘rganish natijasida 141,1 milliard so‘m mablag‘ iqtisod qilindi. Qurilish davomida 464 holatda 3,1 milliard so‘mlik sifatsiz ishlar, 213 holatda 4,3 milliard so‘mlik qo‘shib yozish holatlari aniqlanib, bartaraf etildi.
2023 yilda “Yangi O‘zbekiston” massivlari hamda uy-joyga talab yuqori bo‘lgan boshqa hududlarda 10079 xonadonli 185 ta uy foydalanishga topshirildi. Viloyatda 4288 nafar aholiga 1108,2 milliard so‘m ipoteka krediti ajratildi. Joriy yilda “Yangi O‘zbekiston” massivlari hamda uy-joyga talab yuqori bo‘lgan boshqa hududlarda 11300 xonadonli 185 ta uy quriladi.
Rasmiylarning ma’lumotiga ko‘ra, yangidan qurib foydalanishga topshirilgan seysmik faol hududlarda joylashgan 420 ta bino va inshoot elektron texnik pasporti yagona integratsiyalashgan platformaga kiritilib, texnik pasporti to‘liq shakllantirilgan. Shaharsozlik talablari buzilgan 57 holatda qurilish ishlarini vaqtinchalik to‘xtatish, 4 holatda litsenziyani bekor qilish bo‘yicha taqdimnomalar kiritilgan.
Qurilish sohasida eng ko‘p murojaat va muammolar hududning bosh rejasi yo‘qligi tufayli yuzaga kelardi. Tadbirda ma’lum qilinishicha, endi bu holatga bosqichma-bosqich yechim topilmoqda.
- Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 11 sentyabrdagi “Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023-2027 yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, - deydi viloyat bosh arxitektori Sayfiddin Narzullayev. – Qarorga asosan viloyatimizdagi 33 mahallaning bosh reja loyihalari ishlab chiqilishi bilan bir vaqtda yondosh mahallalarning shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sxemalarini tayyorlash belgilangan. 2023 yilda Kattaqo‘rg‘on (Jumaboy), Oqdaryo (Yangiqo‘rg‘on), Paxtachi (Hunarmand), Toyloq (Jumabozor)dagi mahallalarning bosh rejalari ishlab chiqilishi bilan bir vaqtda yondosh mahallalarning shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sxemalari ham ishlab chiqildi.
Shuningdek, 2024 yilda yana 9 ta tumandagi 10 ta, 2025 yilda 6 ta tumandagi 6 ta, 2026 yilda 5 tumandagi 6 ta, 2027 yilda 6 ta tumandagi 6 ta mahallaning bosh rejasi “Qishloqqurilishloyiha” MChJ tomonidan ishlab chiqilishi bilan bir vaqtda yondosh mahallalarning shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sxemalari ham ishlab chiqiladi. Hozirda viloyatdagi 1128 ta mahallaning 430 tasi, ya’ni 38 foizi bosh reja bilan qamrab olingan. 2024-2027 yillarda qo‘shimcha 29 ta mahallaning bosh rejasi ishlab chiqilsa, bu ko‘rsatkich 40 foizga yetadi.
Bundan tashqari, viloyat va tuman bo‘ysunuvidagi 11 ta shahar to‘liq bosh reja bilan ta’minlangan, tumanlar bo‘ysunuvidagi 88 ta shaharchaning 23 tasida (26 foiz) bosh reja ishlab chiqilgan. 2027 yilgacha yana 16 shaharchaning bosh rejasi ishlab chiqilishi bilan bu ko‘rsatkich 40 foizga yetkaziladi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.