Samarqandga suv tegirmoni kerak yoxud Shum bolaning taklifi
"Boy otaning ismi ham esingizdan chiqib ketgandir-a? Meni hamma "Shum bola", deganidek, Sariboy bo‘lisni ham "Boy ota" deb ketishdi. Nachora, qo‘yning qulog‘iga bosilgan tamg‘aday otimiz Shum bola bo‘lib qolgan-da, endi. Quloqni kesib tashlab bo‘lmaganiday, laqabni ham yo‘qotib bo‘lmas ekan. Yoshligimdan odat bo‘lib qolgan, har-har zamon yolg‘on gapirishimni bilgan Boy ota rost gapirsam hech ishonmaydi. Shaharga bir chiqib, ko‘rgan-eshitganimdan maslahat solsam, quvib soldi...
– Boy ota, endi chirik olmalaringizni hech kimga sotolmayman. Atrofga bir qarang, yozning chillasida ham o‘tgan yilgi olmalarni yangi uzilgandek qilib, rastalarga terib qo‘yishyapti. Endi "nomeringiz" o‘tmaydi, olma o‘raydigan yog‘och qirindilaringizning davri ketdi, – dedim "Siyob bozori"da bir kun turib, Samarqandda bir hafta sayr qilib qaytgach.
– "Nomer"ing nimasi edi? Nega olmalarim o‘tmas ekan.
– Bunisini bilmayman, Boy ota. Lekin bir narsaga guvoh bo‘ldim.
– Xo‘sh?
– Registonda har xil odamlarni ko‘rdim. Zabonlari ham har xil. O‘lay agar, birortasining gapiga tushungan bo‘lsam.
– Innaykeyinchi?
– Innaykeyin... qiziqib bir tilmoch bilan so‘zlashdim.
– Xo‘sh, senga nima dedi o‘sha tilmoch?
– Ular sayyohlar ekan. Tariximiz, me’moriy yodgorliklarimiz bilan tanishish uchun kelisharkan.
– Innaykeyinchi?
– O‘zlarining yurtiga borib gapirib berisharkan.
– Innaykeyinchi?
– Innaykeyin, eshitganlar qiziqib ular ham kelisharkan.
– Xo‘sh, ular kelib nima qilisharkan?
– Ular ham tomosha qilib ketisharkan.
– Shunga mening boshimni qotiryapsanmi? Innaykeyinchi?
– E, Boy ota, boshni qotirmasa pul qayoqdan keladi?
– Xo‘sh-xo‘sh?!
– O‘ttiz yildan beri ishlamayotgan suv tegirmoningizni ishlatish kerak.
– Iyya, jinni-pinni bo‘lib qolganmisan deyman.
– Yo‘q, agar aytganimni qilmasangiz jinni bo‘lib qolaman. O‘sha tegirmonni yurgazib qo‘yib, chet elliklarga tomoshagoh qilsangiz, ana undan keyin ko‘ring pullarning jaraq-jaraq kelishini.
– Innaykeyinchi?
– Boy ota, bee’tibor bo‘lmang. Men kuzatdim. Sayyohlar bizning tariximizga qiziqarkan. Suv tegirmoningizni ko‘rib, hayratga tushmasa, otimni boshqa qo‘yaman.
– Iya, ular tegirmon ko‘rmagan ekanmi?
– Unni do‘konda olgan banda, tegirmonning otini biladi faqat, Boy ota.
– Xo‘sh, innaykeyinchi?
– Innaykeyin, tomoshagohga qatiq qilishni qo‘shamiz, yerto‘lada chang bosib yotgan kuvini chiqarib, sariyog‘ olishni ko‘rsatamiz. Mayram gilamchini qizi bilan ishga olib, urchiqda jun yigirtiramiz o‘sha yerda. Ozgina chiriklik qilmasangiz, ular ipini shu yerda ranglab, shu yerda to‘qib beradi, Boy ota.
– Innaykeyinchi?
– Innaykeyin... yog‘urchoqni qo‘shamiz, ola novvoslaringizni qo‘shga qo‘shib yer haydab ko‘rsatamiz.
– Innaykeyinchi?
– E, Boy ota, innaykeyiniga Xudo poshsho. Bismillo, deb boshlayverish kerak ishni.
– Hov, menga qara, shuncha narsaga aqling yetgan ekan, tegirmonga endi suv topib bo‘lmasligiga aqling yetmadimi? Ariqlar ko‘milib ketgan-ku.
– Boy ota, bitta hovuz bilan ikkita suv nasos-ku chorasi.
– Iya, bu aytganlaring nechchi pul turishini bilasanmi o‘zing?
– Buni ham surishtirib keldim. Sayyohlarni jalb qilish uchun qilinadigan ishlar uchun imtiyozlar berilyapti ekan.
– Innaykeyinchi?
Boy otaning mana shu innaykeyiniga javob beraverishdan charchab indamagandim, qamchilab qoldi. Qochib qutuldim. Rostini aytsam, bunaqa chirik boydan xalqqa foyda yo‘q. Undan ko‘ra beshta odamning boshini biriktirib, ish qilib beroladigan, chet ellik mehmonni ochiq yuz bilan kutib oladigan boy yaxshida. Taklifim bilan shunday xayrli ish boshlanib ketsa, savobi tegadimi deyman-da.
Aytgancha, xorijlik mehmonlar olmani saqlashning qadimiy usullariga ham qiziqishsa kerak-a? Nima dedingiz?"
Shum bolaning maktubini nashrga tayyorlovchi Asliddin MUSTAFOYEV.