Samarqandlik kardiojarrohlar: Bemor vaqtida murojaat qilsa, har qanday xastalikni davolay olamiz
Samarqand viloyati kardiologiya dispanserida o‘tgan yil investitsiya dasturi asosida 12 milliard so‘mlik qurilish-rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, kardioreanimatsiya, kardioxirurgiya, oritmologiya, orterial potologiya kabi oltita yangi bo‘lim ochildi. 100 qatnovli poliklinika, 220 o‘rinli, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan statsionar davolash markazi tashkil etildi.
Shu bilan birga markazga 2020 yil va joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 20 milliard so‘mlik zamonaviy tibbiy uskunalar keltirilib, yurak qon-tomir xastaliklari bilan bog‘liq murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarish yo‘lga qo‘yildi. Bu ishni Maqsud Saidov boshchiligidagi xorijda ishlab, malaka oshirgan va bugun yurtimizga taklif etilib, ishlashi va yashashi uchun chet eldagidan kam bo‘lmagan shart-sharoit yaratib berilgan o‘zimizning 15 nafar yosh mutaxassislar bajarmoqda.
Yurak xastaligi davosiz emas
Maqsud Saidov – Samarqand farzandi. Past Darg‘omda tug‘ilib o‘sgan. 2011 yilda Samarqand davlat tibbiyot institutini bitirgach, Rossiyaga borib, Moskvadagi A.Bakulev nomidagi yurak qon-tomir xirurgiyasi institutida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullandi, o‘sha yerda ishladi.
– Ko‘p narsa o‘rganib, tajriba orttirgach, 2015 yilda yurtimizga kelib, yurak xastaliklarini davolash bo‘yicha o‘z takliflarim va g‘oyalarimni bildirdim, – deydi M.Saidov. – Ming afsuski, hech kim eshitmadi, men aytgan davo muolajalarini bu yerda amalga oshirish uchun sharoit ham, imkoniyat ham yo‘q, deyishdi. Bir nechta eshikka bosh suqdim, ammo natija bo‘lmadi, ayrim rahbarlarning qabuliga ham kirolmagandim. Keyin yana Moskvaga qaytib, o‘sha yerda ish faoliyatimni davom ettirdim, nomzodlik dissertatsiyasi yoqladim.
Keyinchalik mamlakatimiz tibbiyotida yangilanishlar boshlanib, xorijda ishlayotgan mutaxassislar yurtimizga taklif etilgach, menga ham taklif bo‘ldi. Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida kardioxirurgiya bo‘limi ochish va bolalarda uchraydigan yurak xastaliklarini jarrohlik yo‘li bilan davolash bo‘yicha loyihaga qo‘l urildi. Rahbarlarga agar zarur tibbiy uskunalarni olib berishsa, uch oy ichida yurakda ochiq operatsiyalarni amalga oshirishga va’da berdim. Viloyat hokimligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqarma qo‘llab-quvvatlab, imkoniyat yaratdi. Kerakli apparatlar keltirilgach, uch oyda emas, aprelda ish boshlab, may oyida ilk jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazdik. Hokimlik uy-joy va boshqa sharoitlarni yaratib berishni va’da qilgach, Moskvadagi A.Bakulev nomidagi yurak qon-tomir xirurgiyasi institutida ishlayotgan yana ikki nafar hamkasbim – Ikrom Mallayev va Mirzohid Temirovni shu yerga taklif qildim va birgalikda ishlay boshladik. So‘ngra yana boshqa yurtdoshlarimizni chaqirdik. Shuncha o‘qib, o‘rganganimizni Vatanimizda qo‘llamasak, xalqimizga xizmat qilmasak, kim degan odam bo‘lamiz?!
Ikki yil ichida markazda samarqandlik va qo‘shni viloyatlardan kelgan, tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan 1000 nafardan ortiq bola yuragida jarrohlik amaliyoti bajarildi. Ularning 800 nafari butunlay darddan forig‘ bo‘lib, nogironligi oldi olindi. Qolgan bemor bolalarda ayni paytda reabilitatsiya jarayoni davom etmoqda. Ular ham albatta, sog‘ayib ketadi.
Ana shu natijalar, xorijda malaka oshirib kelgan mutaxassislarimizning tajribalariga tayanilgan holda o‘tgan yil Samarqand viloyati kardiologiya dispanseri faoliyatini takomillashtirishga kirishildi. Kattalarda uchraydigan yurak xastaliklarini ham zamonaviy uslublar asosida kardioxirurgik yo‘l bilan davolash uchun bu yerda zarur shart-sharoit yaratildi. Muassasa rahbarligiga esa Maqsud Saidov tayinlandi.
Chet elliklar Samarqandga kelib davolanmoqda
Samarqand viloyat kardiologiya dispanserida 220 ming kishi turli xil yurak xastaliklari bilan ro‘yxatda turadi. Ana shu fuqarolarning 10 ming nafari kardioxirirurgiyaga muhtoj. Iqtisodiy imkoniyati yetadiganlari shu paytgacha xorijga borib bo‘lsa-da jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan yoki bugun oddiy bo‘lib qolgan tomiriga stent qo‘ydirib kelgan.
– Dispanserda yangi bo‘limlar ochilib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangach, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan statsionar davolash markazi tashkil etilgach, o‘zimizda imkoniyatlar paydo bo‘ldi, – deydi muassasa direktori o‘rinbosari, Sankt Peterburgdagi I.Djanelizi nomidagi shoshilinch tibbiy yordam ilmiy tadqiqot institutida ishlab kelgan kardiolog Rustam Qo‘shnazarov. – Hozir yuqori texnologik murakkab yurak jarrohlik amaliyotlari to‘liq o‘zimizda bajarilmoqda. Yurakka stent qo‘yish, yurak ritmning murakkab buzilishini jarrohlik yo‘li bilan tiklash hamda ochiq yurakda jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Shu paytgacha 400 ta murakkab operatsiya bajardik va barchasi muvaffaqiyatli o‘tdi. Bu bemorlar faqat Samarqanddan emas, qo‘shni viloyatlardan ham kelyapti. Shifoxonamiz mintaqaviy markazdek bo‘lib qoldi. Hatto yaqin qo‘shni davlatlardan ham bemorlar murojaat qilmoqda. O‘tgan yil dekabr oyi va joriy yil boshidan buyon 34 nafar chet ellik bemorlarni operatsiya qildik.
Infarktga chalingan bemor shifoxonagacha kelsa bas, albatta sog‘ayib chiqib ketadi
Ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqandda bir yilda 3000 kishi miokard-infarkt bo‘lar ekan. Samarqand shahrining o‘zida yiliga 700 nafar shunday bemor qayd etiladi. Afsuski, shu paytgacha ularning 20 foizida o‘lim holati kuzatilgan bo‘lsa, 80 foizi nogiron bo‘lib qolgan.
– Endi infarkt bo‘lgan kishilarni jarrohlik usuli bilan davolab, 96 foizini sog‘aytirish imkoniyatimiz bor, – deydi Maqsud Saidov. – Bemor shifoxonagacha kelsa bas, uni sog‘aytira olamiz. Xorijga borishga, vaqt va katta mablag‘ sarflashga hojat yo‘q. Infarkt tufayli o‘lim yoki nogironlik holatlari keskin kamayadi. Bemorda asorati qolmaydi. Nogiron bo‘lib, oilasiga, jamiyatga yuk bo‘lmaydi. Atrofimdagi xorijda o‘qib, malaka oshirib kelgan 15 nafar vrachning barchasi o‘z sohasining mutaxassisi. O‘tgan yil yana to‘rt nafar yosh mutaxassisimiz “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali chet elda malaka oshirib keldi. Ochiq operatsiyalarni ham, tomir orqali bajariladigan yopiq operatsiyalarni ham zamonaviy texnologiyalar asosida amalga oshiramiz. Yaqinda davlatimiz rahbari Samarqandga tashriflari davomida viloyat faollari bilan uchrashuvda xorijda ishlab yurgan mutaxassislarni yurtimizga taklif qilinglar, oylik maoshini ham, ish va turmush sharoitini ham chet davlatlarnikidan kam qilmaymiz, dedilar. Bizning vrachlarimizni ham viloyat hokimligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi so‘rab turibdi, barchasini uy-joy bilan ta’minlayapmiz. Oylik maoshi ham xorijda oladigan darajaga kelib qoldi. Shu paytgacha bunday imkoniyat bo‘lmagan, buning qadriga yetishimiz, bilim va tajribamizni yurtimizda qo‘llab xalqimizga yordam berishimiz kerak.
Markaz rahbarining qayd etishicha, bugun turli omillar, jumladan, kam harakatlanish, sog‘lom turmush tarziga rioya etmaslik va to‘g‘ri ovqatlanmaslik natijasida 45-50 yoshlardagi kishilarda ham infarkt kasalligi ko‘p uchramoqda. Bu yoshdagi kishilar esa ayni kuch-quvvatga to‘lgan, jamiyatga, o‘z oilasiga xizmat qilishi kerak. Shu bois joriy yilda muassasada infarktoldi va insultoldi xastaliklarni davolash yo‘lga qo‘yiladi. Kasallik erta aniqlanib, davolash choralari ko‘riladi.
Muassasada yaqinda Samarqand davlat tibbiyot institutining uchta kafedrasi uchun joy ajratildi. Endi bo‘lajak shifokorlar shu yerda malakali mutaxassislardan nazariy bilimlar bilan birga amaliyotni ham o‘rganadi. Zaruratga qarab, ular ham xorijda malaka oshirishga yuboriladi.
G‘olib Hasanov,
Alisher Isroilov (foto).