Samarqandlik o‘qituvchilar Coursera xalqaro ta’lim platformasi sertifikatini qo‘lga kiritdi

Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan o‘qituvchilar uchun taqdim etilgan Coursera xalqaro ta’lim platformasida tizimdagi o‘qituvchi va o‘quvchilarning 13 mingga yaqini ro‘yxatdan o‘tib, ular jami 60 mingga yaqin kurslarni o‘qidi.

Mazkur platformadagi darslarda faol ishtirok etgan ishtirokchilar sertifikatlari soni, o‘qigan kurslarining qiyinlik darajasi, darslarda muntazam qatnashganligi bo‘yicha saralandi va 50 nafar pedagog joriy yilning 17 oktyabr kuni Toshkent shahrida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan sertifikat hamda zamonaviy noutbuklar bilan taqdirlandi.

Ular orasida Samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazining ingliz tili fani o‘qituvchilari Shoira Kutbiddinova hamda Nodira Kushakova ham bor.

- Biz Coursera’dagi ma’lumotlarni sertifikat yoki noutbuk uchun emas, o‘zimiz uchun, darslarimizda foydalanish uchun o‘rgandik. Bu e’tibordan esa juda xursand bo‘lib, o‘z vazifamizga yanada mas’uliyat bilan yondashamiz, - deydi Shoira Kutbiddinova.