Samarqandning iqtisodiy o‘sish nuqtalari belgilandi. Bu nimalarda aks etadi?
Viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Dilshod Shakarboyev aytishicha, avvalo, viloyatni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli dasturlar ishlab chiqish, doimiy daromadga ega bo‘lmagan oilalarni kambag‘allikdan chiqarish rejalari tuzilgan.
Jumladan, 2021-2022 yillarda umumiy qiymati 2,5 trillion so‘mlik 1184 ta loyihani amalga oshirish hamda 11 ming 894 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Eng muhim tarmoqlardan hisoblangan sanoatni rivojlantirish bo‘yicha 1,1 trillion so‘mlik 128 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida 595,1 milliard so‘mlik 848 ta va qishloq xo‘jaligida 874 milliard so‘mlik 208 ta loyiha amalga oshiriladi. Shu bilan birga, viloyat hududlarini iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha mavjud resurslar va imkoniyatlarni inobatga olib “o‘sish nuqta” (drayver)lari belgilab olindi.
Birinchi “o‘sish nuqtasi” sifatida elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish rivojlantiriladi.
Bugungi kunda 37 ta elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan 208,9 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa-da, aholining ehtiyoji to‘liq qondirilmayapti.
Masalan, viloyatda import qilinayotgan elektrotexnika mahsulotlar 7 foizni tashkil etadi. Aholining televizorga 44,9 ming dona, kir yuvish mashinalariga 7,5 ming dona, konditsionerga 11,8 ming dona, dazmol 1,5 ming dona, elektr choynaklar 6,2 ming dona talabi bo‘lsa-da, ushbu mahsulotlar ishlab chiqarilmaydi. Muzlatkich talabi 28,1 ming dona bo‘lib, atigi 0,37 foizga qondirilmoqda. Shuning uchun hududlarda umumiy qiymati 1,7 trillion so‘mlik qo‘shimcha 14 loyihada 26 turdagi 1,8 milliondan ortiq elektr jihozlari, xususan, LED lampalar ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish rejalashtirilgan.
Yangi loyihalar hisobiga 1,3 trillion so‘mlik 1 million donadan ortiq elektrotexnika mahsuloti ishlab chiqariladi, ehtiyoj 28,2 foizga qondiriladi.
Ishlab chiqarilgan mahsulotning 25-30 foizi eksportga yo‘naltiriladi, import esa 48 foizgacha qisqaradi.
Masalan, sobiq "Sino" korxonasi hududida "SAXARI" MChJ tomonidan 25 million dollarlik investitsiya hisobiga kir yuvish mashinalari, sovutkich va muzlatkichlar ishlab chiqariladi.
“Urgut” erkin iqtisodiy zonasida qiymati 212,1 milliard so‘mlik 8 ta loyihani amalga oshirish hisobiga kir yuvish mashinalari, televizor, uyali va mobil aloqa vositalari, suv isitkichlar ishlab chiqariladi.