SamDU Urgutga “ko‘chadi”(mi?)

Davlatimiz rahbarining Parlamentga Murojaatnomasida “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi” degan g‘oya asosida islohotlarni amalga oshirish kerakligi ta’kidlandi.

2021 yilga “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb nom berildi. Yosh avlodning tarbiyasi qancha erta boshlansa, uning natijasi shunchalik samarali bo‘ladi. Shuning uchun tarbiyani bola tug‘ilishidanoq boshlash lozimligiga e’tibor qaratilmoqda. 

Prezidentimizning 2020 yil 6 noyabrdagi “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ham ta’lim sifati va samaradorligini oshirish belgilangan. Mazkur qaror ijrosi yuzasidan 2020 yil 3 dekabrda viloyat hokimining farmoyishi qabul qilindi. Unga ko‘ra, viloyatda xalq ta’limi tizimida ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga oid muammolarni o‘rganish va bartaraf etish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish maqsadida oliy ta’lim muassasalari bilan umumiy o‘rta ta’lim maktablari hamkorlik kuchaytiriladigan bo‘ldi.

Ushbu farmoyish bilan Samarqand davlat universitetiga Urgut tumanidagi 56 ta maktab biriktirildi. Fakultetimiz professor-o‘qituvchilari tumanning 4-, 5-, 6-umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha reja-grafik asosida ish boshladi. Reytingi eng past bo‘lgan maktablardagi muammolar o‘rganilib, ta’lim sifatini ko‘tarish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilmoqda. Belgilangan maktablarda har hafta amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, tegishli amaliy-metodik yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda. O‘quvchilar bilimi va olgan baholarining haftalik, oylik monitoringi yuritilmoqda.

Maktab o‘quvchilarining puxta bilim olishidan oliy o‘quv yurtlari ham manfaatdor. Ertaga shu yoshlar universitet va institutlar talabasi bo‘lib, egallagan sohasining mutaxassisiga aylanadi. Bugun ularga boshlang‘ich bilimlarni yaxshi o‘zlashtirib, keyin oliy ta’limga kelishiga erishsak, bu avvalo o‘zimizga foyda.

Axtam Nizomov,

SamDU “Inson resurslarini boshqarish” fakulteti “Tarmoqlar iqtisodiyoti” kafedrasi mudiri, dotsent.