SamDUning Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti o‘qituvchilari boshqalardan 50 foiz ko‘p maosh oladi

Koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olishga jiddiy e’tibor qaratilgan ushbu sinovli kunlarda davlatimiz rahbari yana bir istiqbolli qarorni imzoladi. Qarorga ko‘ra, Surxondaryo viloyatining chekka tumanida Samarqand davlat universitetining Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti tashkil etiladigan bo‘ldi.

Samarqand davlat universiteti axboro xizmati universitet rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov bilan mazkur qaror yuzasidan suhbat uyushtirdi.

-  Prezidentimizning mazkur qaroridan ko‘pchilik, ayniqsa, surxondaryolik yoshlar behad mamnun bo‘ldi. Aynan chekka hududda mazkur ta’lim muassasasining tashkil etilishi qanday muammolarning yechimiga qaratilgan?

– 17 aprel kuni imzolangan “Surxondaryo viloyatida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini kengaytirish va yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori haqiqatan ham surxondaryolik yoshlar va bizning universitetimiz hayotida tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Universitetimiz negizida Denov tadbirkorlik va pedagogika institutining tashkil etilishi keyingi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan yurtimiz ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarning mahsulidir. Qarorda mazkur institutni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad va rejalar, qanday muammolarga yechim topish hamda oldimizdagi vazifalar belgilab berildi. Bu haqda batafsil to‘xtalmasak ham bo‘ladi. Lekin bir jihatni alohida ta’kidlashni istardim, bu qaror Surxondaryo viloyatining hozirgi va istiqboldagi demografik, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti yo‘lida o‘ylab qilingan ishdir. Denov tadbirkorlik va pedagogika institutining tashkil etilishi bugunning dolzarb vazifasi, ehtiyoji edi. Institutning nomlanishidanoq anglash mumkinki, tadbirkorlik shubhasiz taraqqiyotga xizmat qiladi.

– Yangi institut faoliyatini yo‘lga qo‘yishda asosiy e’tibor qaysi jihatlarga qaratiladi va bu borada universitet zimmasiga qanday vazifalar yuklatilgan?

– Samarqand davlat universitetining Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti uchun, avvalo, hukumat darajasida zamonaviy o‘quv binolari, yotoqxona, kutubxona, sport inshootlari barpo etiladi. Mustahkam o‘quv moddiy-texnika bazasi yaratiladi. Bu borada tegishli vazirlik va hokimliklarning ko‘magiga tayanamiz. Alohida urg‘u berib aytaman, mamlakatimizning janubida tashkil etilajak institutni yuqori ilmiy pedagogik salohiyatga ega kadrlar bilan ta’minlash kun tartibidagi asosiy vazifamiz bo‘ladi.

To‘g‘ri, dastlab shart-sharoitlar yetarli darajada bo‘lmasligi, moddiy texnik ta’minotni ko‘ngildagidek tashkil etolmasligimiz mumkin. Ammo, tajribali va bilimli ilmiy pedagogik kadrlar hammasining o‘rnini bosishi mumkin. Bu borada universitetda maxsus ishchi guruhi tanlov ishlarini boshlab yuborgan. Asosiy e’tibor, avvalo, universitetimizdagi asli surxondaryolik bo‘lgan professor-o‘qituvchilar, doktorant va magistrlarga qaratilmoqda. Ixtiyoriy ravishda Denovga borib ishlash istagini bildiruvchi olimlarimiz, yosh, iste’dodli o‘qituvchilarimizning ham xohishlari inobatga olinadi. Shuningdek, institutda faoliyat ko‘rsatuvchilarning maoshini odatdagidan 50 foiz yuqori belgilash ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, mamlakamizdagi qator nufuzli oliy o‘quv dargohlarining tajribali professor-o‘qituvchilari ko‘magiga tayanamiz. Universitetda tan olingan, samarali ilmiy maktablar negizida 48 mutaxassislikda doktorantura (PHD) va 9 mutaxassislikda to‘liq fan doktorlari tayyorlash imkoniyati bor. Maqsadli qabul imkoniyatlaridan foydalanib, nisbatan qisqa muddatda Denov institutini ilmiy-pedagogik kadrlar bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘yamiz. Bundan tashqari, hudud xususiyati  talablaridan kelib chiqqan holda xorijdagi hamkor universitetlar ilmiy markazlari imkoniyatlari ham Denovga ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga qaratiladi.

- Ko‘pchilikni institutda qaysi yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlanishi, bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanishi ham qiziqtiradi. Shu haqda ham ma’lumot bersangiz.

-  Avvalo, hamkorlik asosida Surxondaryo va unga qo‘shni bo‘lgan viloyat va tumanlardagi ishlab chiqarish korxonalari, ma’rifat dargohlaridagi kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj va talabdan kelib chiqib, yosh yigit-qizlar tanlov asosida o‘qishga qabul qilinadi. Qabul rejasining mintaqa ehtiyojiga muvofiq shakllanishini inobatga olsak, diplom sohiblarining ish bilan ta’minlanishida muammo bo‘lmaydi. Maktabgacha ta’lim, umumta’lim maktablari, texnikum va boshqa ta’lim-tarbiya muassasalari uchun pedagog kadrlar tayyorlash, raqamli iqtisodiyot, ekologiya, filologiya, psixologiya, qator aniq va ijtimoiy fanlar ixtisosliklari, ijtimoiy mehnat, sport yo‘nalishlarida pedagog kadrlar tayyorlash, malaka oshirish yo‘lga qo‘yiladi.

– Yangi institut qachon yoshlar uchun o‘z eshiklarini ochadi?

– Qarorda belgilanganidek, institutning ta’lim faoliyati 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi. Shuningdek, ayni paytda Termiz davlat universiteti Denov filiali talabalari tahsil olayotgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha institutda o‘qishni davom ettiradi. Yangi o‘quv yilidagi qabul va o‘qish jarayonlari oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda hamda ayni paytda barchamizni o‘ylantirayotgan masala – koronavirus pandemiyasi karantin cheklovlari bartaraf etilishi bilan ma’lum bo‘ladi.

Dilmurod Do‘stmurodov suhbatlashdi.