Samoda g‘oyib bo‘lgan samolyot 37 yildan so‘ng qo‘ndi
Sharpa kabi nim qorong‘ulik doirasidan uchib kelayotgan 57 yo‘lovchiga ega “DC-4” charter samolyoti 1992 yilda, ya’ni 1955 yilda Nyu-Yorkdan Mayamiga uchib ketayotganda g‘oyib bo‘lganidan 37 yil o‘tgach Venesuelaning Karakas shahriga qo‘ndi. Ammo bir necha daqiqaga yetmay arvoh samolyot yana havoga ko‘tarildi va bulutlar ichida g‘oyib bo‘ldi.
Guvohlar bayonotlari va uchuvchi bilan boshqaruv minorasi o‘rtasidagi lenta orqali yozilgan radialoqa bu dahshatli qo‘nuv haqiqatan ham sodir bo‘lganligi to‘g‘risida inkor etib bo‘lmaydigan dalillarni keltirdi.
- Ushbu hodisani ko‘rgan aeroport nazorat xizmati xodimlarining ko‘rsatmalari mohiyatan bir-biriga to‘g‘ri keladi, - dedi Fuqaro aviatsiyasi vazirining o‘rinbosari Ramon Estovar. - Biroq “DC-4” ko‘tarilishidan va g‘oyib bo‘lishidan bir necha soniya oldin uchish-qo‘nish yo‘lagiga uchuvchi tushirgan kichkinagina 1955 yilning kalendari hal qiluvchi dalil bo‘ldi.
- Men samolyotni ko‘rdim... Uchuvchining ovozini ham eshitdim. Hatto o‘sha kalendarni qo‘limda tutgandim, lekin baribir bunga ishonolmayman, - dedi parvozlarni boshqarish minorasidagi postidan hamma narsani aniq ko‘rgan Xuan de la Korte. - Bortdagi bu odamlar hali ham 1955 yil ekanligiga va ular Floridaga tushib qolganiga amin edi. Lekin hammasi boshqacha edi. Bu yillar davomida ular qayerda bo‘lgani yolg‘iz Xudoga ayon.
De la Korte va boshqa nazoratchilarning so‘zlariga ko‘ra, ular radar ekranlarida ko‘rinmagan parrakli samolyot to‘satdan aeroportga yaqinlashganda g‘ayritabiiy hodisa yuz berayotganini anglab yetgan edi.
- Radarda alomatlari bo‘lmagan bo‘lsa-da, biz samolyotni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik, - dedi De la Korte. – Uchuvchidan o‘zini tanishtirishni so‘raganimizda, u radio orqali “Biz qayerdamiz?” deb so‘radi. Ovozi nihoyatda qo‘rqqan, o‘zi chalkashib ketgan edi. Nihoyat bort Nyu-Yorkdan Mayamiga 914-charter reysi bilan uchayotgan 4 ekipaj a’zosi va 57 yo‘lovchidan iborat samolyot ekanligini aytdi. Dispetcherning aytishicha, uchuvchining bu so‘zlaridan keyin boshqaruv xonasida sukunat hukm surgan. Hamma hayratda edi. 914-reys yo‘nalishi... Mayami.... Karakasdan 1800 kilometrda joylashgan axir.
- Men uchuvchiga javob berdim: “Bu yer Karakas, Venesuela... Janubiy Amerika”. Keyin so‘radim: “Siz halokatga uchradingizmi?”. Javob bo‘lmadi, men samolyot qo‘nishi uchun yo‘lakni tayyorladim. Qo‘nish muvaffaqiyatli o‘tdi. Hammasi yaxshi deb o‘ylay boshlaganimda, uchuvchi o‘zining ikkinchi uchuvchisiga: “Xudoyim, Jimmi! Bu nima balo edi?”, deb so‘raganini eshitdim. Ular reaktiv samolyotga xuddi kosmik kemani ko‘rganday qarashardi.
De la Kortening aytishicha, uchuvchi rejaga ko‘ra Mayami xalqaro aeroportiga 1955 yilning 2 iyul soat 9.55da qo‘nishi kerak bo‘lgan.
Keyin men uning “Bu yerda bir gap bor”, deganini eshitdim. Radio orqali “Kapitan, bu Karakas xalqaro aeroporti. Bugun 1992 yil, 21 may kuni” dedim. U “Xudoyim!” deya xitob qila boshladi. Uning og‘ir nafas olishi eshitilib turardi. Yerdagi guruh ular tomon yo‘l olganini aytib, uni tinchlantirishga harakat qildim.
De la Kortening so‘zlariga ko‘ra yerdagi guruh va zapravkachi samolyotga yaqinlashganda, uchuvchi radio orqali “Yo‘q! Yaqinlashmang! Biz bu yerdan uchib ketyapmiz!”, deya baqira boshladi. Keyinchalik yer xizmati xodimlari yuzlarini illyuminatorga taqab turgan yo‘lovchilarni ko‘rganliklarini aytishdi. Uchuvchi kabina derazasini ochib, ularga orqaga qaytish uchun ishora qildi.
- U qandaydir papkani silikitardi, - dedi De la Korte. – Aftidan biz keyin topib olgan kalendar shu papkadan tushib ketdi. Uchuvchi dvigatellarni ishga tushirdi va samolyot havoga ko‘tarildi. Fuqaro aviatsiyasi rasmiylari samolyot bilan aloqaning barcha yozuvlarini, shuningdek topilgan taqvimni olib qolishdi va hodisa bo‘yicha tergovni davom ettirmoqda.
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.