SamVMI rektori: Yoshlar tajribasizlik qilar, ko‘pni ko‘rgan ota-onalarga nima bo‘lyapti? Tovlamachilarga ishonish mumkinmi?

Keyingi paytlar TV, matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan  bir necha xunuk xabarlar bugun oliy ta’lim tizimiga aloqador har bir kishini o‘ylantirib qo‘yishi, aniqrog‘i, uyaltirishi tabiiy. Bu respublikamizning qaysi ta’lim muassasasiga aloqador bo‘lishidan qat’iy nazar, bu ma’lumotlar barchani birdek sergak torttirishi kerak.

“Falon institutga kiritib qo‘yaman, deb 5000 AQSh dollari olayotgan paytda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan daliliy ashyolar bilan  ushlandi” yoki “Mana bu institutning stavkasi 8000 dollar ekan”, degan mish-mishlar, xabarlar, gap-so‘zlar... Yangi o‘quv yili boshlanishi oldidan yoki qabul jarayonlari davom etayotgan paytda odatda ana shunday xabarlar tarqaladi.

Mana, deyarli 3 yildan buyon mamlakatimizda qabul jarayonlari mutlaqo shaffof tizimga o‘tdi. Testmi yoki imtihonning boshqa turimi, jarayon videotasmaga muhrlanadi, imtihon natijalari, javoblar saqlab qo‘yiladi va hokazo. Ana shunday sharoitda abituriyentlar va ularning ota-onalariga, o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, pora olganlar nima ham qila olishardi? Zamon o‘zgardi, odamlarning huquqiy savodxonlik darajasi va dunyoqarashi o‘sdi, islohotlar ta’lim tizimiga ham mutlaqo yangicha yondashuvlarni olib kirdi. Ammo nega ayrimlarni o‘zgartirib bo‘lmayapti? “Hojatbarorlar”, firibgarlar zamonning o‘zgarganini, sharoit va talablar boshqacha bo‘lganini, o‘tmishni qaytarib bo‘lmasligini tushunib yetishmayaptimi yoki bunga ota-onalar ham aybdormi?

Bugungi kun yoshlari, abituriyentlarga ishonamiz. Ular aqlli, maqsadlari qat’iy, zamonaviy texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan. Ular kelgusi hayotini yolg‘on ustiga qurishga intilayotganlarni anglashga balki, yoshlik, tajribasizlik qilar. Ammo ko‘pni ko‘rgan, hayotiy tajribasi yetarli bo‘lgan ota-onalarga nima bo‘lyapti? Tovlamachilarga ishonish mumkinmi?

Ayni kunlarda Samarqand veterinariya meditsinasi instituti qabul jarayonlariga 30 nafarga yaqin professor–o‘qituvchilar, mutaxassislar jalb etilgan. Maslahat markazi faoliyati ham qoniqarli yo‘lga qo‘yilgan. Qabul kompaniyasi boshlanishidan oldin biz har bir o‘qituvchi, mutasaddi, dekanlar, kafedra mudirlari, komissiya mas’ul kotiblari bilan bu masala xususida batafsil gaplashib, kelishib oldik, huquqiy kuchga ega hujatlar tayyorlandi. Korrupsiya, tanish-bilish, qarindosh-urug‘chilik va poraxo‘rlikka yo‘l qo‘ymaslik borasida nazorat kuchaytirilishi e’lon qilindi.

Shu o‘rinda, farzandlari abituriyent bo‘lgan ota-onalarga murojaat qilmoqchiman. Hurmatli ota-onalar, yurtdoshlarim! Ko‘zingizning oqu qorasi bo‘lgan, 17-18 yil ulg‘aytirib, katta hayot tomon yo‘llayotgan farzandingiz taqdirini har kimlarga ishonmang! Farzandingizga vaqtida bilim bergan bo‘lsangiz, u albatta, oliy o‘quv yurti talabasi bo‘ladi. “Pul ko‘tarib chopgandan” ko‘ra,  bolangizning maqsadi va orzulari bilan qiziqing! U qaysi sohaga qiziqadi, nimaga iqtidori bor, kelajakda kim bo‘lmoqchi?

Qing‘irliklarning oxiri voy, farzandingizni g‘irrom yo‘lga boshlamang, tovlamachilar va firibgarlarga ishonmang va aldanib qolmang!

Bugun katta yo‘l ostonasida turgan yoshlarga ham aytar so‘zim bor. O‘qishni orzu qilayotgan o‘g‘illarim, qizlarim! Siz, O‘zbekistonning ertangi kuni, kelajagisiz. Kelajak hayotimiz qanday bo‘lishi bevosita Sizga bog‘liq. O‘rganishdan, izlanishdan to‘htamang. Bugun yaxshi o‘qisangiz, ertaga albatta talaba bo‘lishingizga ishoning. Vaqtingizni bekorchi narsalarga sarflashdan qoching va hayotingizdagi eng muhim qarorni halollik bilan qabul qiling. “O‘qishga kiritishga” va’da berayotganlarning cho‘pchaklari fikru-xayolingizni o‘g‘irlamasin!

Xudaynazar YuNUSOV,

biologiya fanlari doktori, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori.