SamVMIda Latviya universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma fakultet ochiladi

Bugun Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori Latviya tabiiy  fanlar va texnologiyalar universiteti xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Voldemars Bariss va xalqaro aloqalar bo‘yicha koordinator Ligita Vaita hamda “Baltik Center” tashkiloti vakili Kseniya Dolchenkoni qabul qildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Latviya universiteti bilan “Oziq ovqat xavfsizligi va innovatsiyalar” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro  qo‘shma fakultet tashkil etish borasidagi muzokaralar o‘tgan yildan buyon davom etmoqda. 2019 yilning kuz faslida Boltiqbo‘yidagi mazkur universitet rektori, professor Irina Pilvere boshchiligidagi delegatsiya  mamlakatimizda mehmon bo‘lgan va institut rektori Xudoynazar Yunusov bilan muzokaralar olib borgandi. Shundan so‘ng Latviyadan yana bir delegatsiya keldi. Xullas, yil davomida o‘tkazilgan muzokaralar davomida har ikkala oliy ta’lim muassasalari mutasaddilari kelishuvi bo‘yicha institutda qo‘shma fakultet faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Yangi 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab bu fakultetga talabalar qabul qilinadi.

Uchrashuvda mutasaddilar shartnoma-bitim shartlari asosida moliyaviy, huquqiy tomonlarni muhokama qilib olishdi. Unga ko‘ra, ta’lim ingliz tilida olib boriladigan, 12 kishidan kam bo‘lmagan guruhlar tashkil etiladi. “2+2” dasturi bo‘yicha yoshlar ikki yil SamVMIda, yana ikki yil  Latviyada o‘qishadi. Bitirgach, bir vaqtning o‘zida ikkita diplomga ega bo‘ladi.

Shuningdek, muloqot davomida hamkorlikning yangi bosqichi, magistratura ta’lim yo‘nalishini “1+1” dasturi bo‘yicha tashkil etish borasida ham fikr-mulohazalar almashindi.

Gulchehra BERDIYoROVA.