Sanitariya-epidemiologiya nazorat davlat inspeksiyasining noqonuniy jarimasi bekor qilindi

Xalqimiz boshiga sinovli kunlar tushib turgan bir paytda har bir davlat xizmatchisi o‘z vazifasini qonuniy va vijdonan bajarishi lozim. Biroq hamma joyda ham shunday bo‘layaptimi? Afsuski, bu savolga “ha”, deb javob berish qiyin.

Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limi tomonidan o‘rganilgan shahardagi Alisher Navoiy ko‘chasi, 6-uyda yashovchi fuqaro A.Mamadiyevning sanitariya-epidemiologiya nazorat davlat inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan ma’muriy jarimadan noroziligi to‘g‘risidagi murojaatini o‘rganish natijalari bunga misol bo‘la oladi. A.Mamadiyevga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi, 2-qismiga asosan ba’zaviy hisoblash miqdorining 20 barobari miqdorida jarima solish to‘g‘risida qaror chiqarilgan.

Biroq ma’muriy huqubuzarlik to‘g‘risidagi ish materiallarini o‘rganishda bir qator qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. Jumladan, 2020 yil 24 aprelda sanitariya epidemiologiya nazorat davlat inspeksiyasi Kattaqo‘rg‘on shahar filiali xodimi D.Amonova tomonidan rasmiylashtirilgan dalolatnomada A.Mamadiyev “Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonunning 30, 32-moddalari hamda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori talablari buzilganligi ko‘rsatilgan.

Ammo bayonnomada haydovchi necha nafar fuqaroni avtomashinasiga mindirib yurganligi, Vazirlar Mahkamasining qayd qilingan qarorining qaysi bandi yoki qaysi majburiy talablari buzilganligi ko‘rsatilmagan. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining qarorida tuman (shahar)larda transport vositalari harakatini cheklash bilan bog‘liq normalar nazarda tutilmagan.

Holat yuzasidan bayonnoma rasmiylashtirgan sanitariya-epidemiologiya nazorat davlat inspeksiyasi Kattaqo‘rg‘on shahar filiali xodimi D.Amonova o‘z tushuntirishida 2020 yil 24 aprelda Kattaqo‘rg‘on tumani Mullakichkina qishlog‘ida joylashgan avtomobillar to‘xtash joyida xizmatni bajarganligini bildirgan. Uning bildirishicha, viloyat IIB YHXB 4-otryad YPX inspektori Sh.Norqulov fuqaro A.Mamadiyevning avtomashinasi hujjatlarini berib, avtomashinasida uch nafar fuqaroni mindirib harakatlanayotganligi, yo‘lovchilardan biri - yosh bola niqobsiz ekanligini aytgan. A.Mamadiyevga o‘z hududida ortiqcha odam mindirib yurish karantin qoidalarini buzish hisoblanishini tushuntirgan. D.Amonova esa bundan keyin karantin qoidalarini buzmasligi to‘g‘risida tushuntirish xati yozdirib, dalolatnoma va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirgan.

Shuningdek, D.Amonova avtomashinada uch nafar fuqaroning bo‘lganligi holatini YPX xodimi va fuqaroning so‘zidan yozganligi, huquqbuzarlik aniqlangan paytda voqea joyida bo‘lmaganligi, avtomashina salonida bo‘lgan fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritmaganligi, unga YPX inspektori avtomashinani jarima maydonchasiga qo‘yib, so‘ng avtomashina hujjatlari va avtomashinani to‘xtash joyiga qo‘yilganligi to‘g‘risidagi dalolatnomani taqdim qilganligi, huquqbuzarlik faktini tasdiqlovchi boshqa xech qanday dalili yo‘qligini ma’lum qilgan.

Viloyat IIB YHXB YPX inspektori, safdor Sh.Norqulov haqiqatdan ham haydovchi avtomashina salonida o‘zi bilan uch nafar fuqaroni mindirib yurganligi uchun karantin qoidalarini buzganligini tushuntirib, avtomashina hujjatlarini olib, viloyat IIB YHXB 4-otryad shtabi yonida joylashgan to‘xtash joyiga transport vositasini joylashtirganligi va avtomashina hujjatlarini DSENI xodimiga taqdim etganligini ma’lum qildi.

Yuqoridagi holatlar A.Mamadiyevga nisbatan tuzilgan huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma noqonuniy rasmiylashtirilganligini tasdiqlaydi.

Qolaversa, qarorni chiqarishda huquqbuzarlik fakti sifatida “Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish shahar markazlarida ruxsatnomasiz harakatlanish natijasida sodir etilganligi” ko‘rsatilgan.

Lekin O‘zbekiston Respublikasiga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, 2020 yil 30 mart soat 06:00 dan 20 aprel soat 00:01 ga qadar viloyatlararo, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida Davlat xizmatlari markazlari tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar asosida avtotransport vositalari harakatlanishiga ruxsat berilgan.

Ikkinchidan, respublika maxsus komissiyasining qarorida tuman (shahar)larda avtotransport vositalariga maxsus ruxsatnoma asosida harakatlanishi nazarda tutilmagan bo‘lib, ushbu talab faqatgina, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlari uchun majburiy etib belgilangan.

Uchinchidan, Respublikasi maxsus komissiyasining 2020 yil 8 apreldagi qaroriga asosan 2020 yil 9 apreldan boshlab avtotransport vositalari harakatlanishiga davlat xizmatlari markazlari tomonidan maxsus ruxsatnoma berish to‘xtatilgan. Shuningdek, jarima solish to‘g‘risidagi qaror 2020 yil 24 aprelda chiqarilgan bo‘lsa-da, fuqaroga qonunda belgilangan tartibda e’lon qilinmagan va topshirilmagan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 311-moddasiga ko‘ra, qarorning nusxasi uch kun ichida qaror chiqarilgan shaxsga, shuningdek, o‘zining iltimosiga ko‘ra, jabrlanuvchiga topshiriladi yoki jo‘natiladi. Qarorning nusxasi tilxat bilan beriladi, basharti qarorning nusxasi jo‘natilsa, bu haqda ishga tegishli yozuv yozib qo‘yiladi.

Shu sababli adliya bo‘limi tomonidan tegishli taqdimnoma kiritildi va viloyat DSENB tomonidan A.Mamadiyevga jarima solish to‘g‘risidagi qaror bekor qilinib, ish yuritishdan tugatildi.

A.MAMATOV,

Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limi boshlig‘i.