Sayyor qabuldan operatsiya stoliga olib borilgan boshqarma boshlig‘i yana qizg‘in ish faoliyatida
Ijtimoiy tarmoqlarda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Shodiyevaning viloyatning eng chekka tumanlaridagi maktablar faoliyatini o‘rganayotgani haqidagi xabarlarni o‘qib biroz taajjublandim. Sababi, yaqinda Paxtachi tumanida sayyor qabullarda Z.Shodiyevaning tobi qochib, shifoxonaga olib ketilgani, u yerda operatsiyani boshidan o‘tkazgani haqida eshitgandim. Qolaversa, kech qolib borgani uchun ko‘richak yorilib ketgan, operatsiya biroz murakkab o‘tgan ekan. Opadan hol-ahvol so‘rab, qo‘ng‘iroq qilganimizda, ahvoli yaxshiligini, ishga chiqqaniga ancha bo‘lgani, buning uchun monelik yo‘qligini bildirdi.
Bu haqda ko‘p to‘xtalmasa-da, Zebiniso Shodiyeva 28 aprel kuni Paxtachida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda tobi qochib qolgani, og‘riq qoldiruvchi dori ichib, murojaatlarga o‘z vaqtida javob berishga harakat qilgani haqida eshitdik. Ammo og‘riq qolavermagach, darhol Paxtachi tumani tibbiyot birlashmasiga olib borilib, shu yerning o‘zida operatsiya amalga oshirilgan.
Ayni kunda Z.Shodiyeva o‘z faoliyatini davom ettirayotganiga bir haftadan ham oshdi. Hozirgi ahvolida kabinetida o‘tirib ishlashi uchun imkon bo‘laturib, chekka tumanlardagi maktablarni o‘rganayotgani, hatto o‘quvchilar bilan piyoda tog‘li hudud maktabga qatnayotgani tahsinga loyiq, deb o‘ylayman.
Ehtimol, siz bu xabar bilan nima demoqchisiz, degan xayolga borayotgandirsiz. Harholda siz o‘ylayotganday, rahbarni maqtash emas, balki bugun ularning ish tartibi-yu, ishga munosabatida ilgarigi holatdan farqli jihatlarni ko‘rsatmoqchiman, xolos.
Gulruh MO‘MINOVA.