Shahar va tuman markazlarida hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazma zallari va galereyalari tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyati hokimining qarori qabul qilindi.

Unda Prezident qarori bilan xalq amaliy san’ati ustalarining milliy katalogi joriy etilishi, endilikda turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar reyestrining yuritilishi, xalq amaliy san’ati ustalarining milliy katalogiga kiritiladigan nomzodlarni tanlash bo‘yicha kengash tuzilishi ma’lumot o‘rnida belgilandi. Bu borada respublika kengashiga doimiy amaliy yordam ko‘rsatish va samarqandlik hunarmandlarning mahsulotlarini elektron tijorat (E-kommerse) yo‘nalishida keng qo‘llaniladigan veb-saytlar orqali sotilishi uchun zarur tashkiliy ishlarni yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘rish bo‘yicha mutasaddi idora rahbarlariga vazifalar berildi.

Qaror ijrosiga ko‘ra, ikki oy muddatda viloyatimizdagi yirik savdo majmualari va dehqon bozorlari hududida alohida hunarmandlar rastalari tashkil etilib, ularga «Hunarmand» uyushmasiga a’zo xalq amaliy san’ati ustalarining mahsulotlari joylashtirib boriladi. 2020 yil yakuniga qadar esa tadbirkor, hunarmand va tashabbuskorlarni jalb qilgan holda Samarqand shahridagi Bibixonim tarixiy-me’moriy majmuasida milliy hunarmandchilikning barcha yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etadigan zamonaviy «Hunarmandlar bozori» tashkil etiladi.

Bundan tashqari, hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Toshkent shahridagi Suzuk ota majmuasi misolida ixtisoslashtirilgan hunarmandchilik majmualari, shuningdek, viloyatimizdagi barcha tuman-shaharlar markazida xalq amaliy san’ati va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazma zallari va galereyalari tashkil etiladigan bo‘ldi.