"Sharq taronalari" XII xalqaro musiqa festivali oldidan: Bir soz tarixi

Gap milliy musiqa asbobimiz - chang haqida bormoqda. Uning tarixi olis moziyga borib taqaladi. Chunki arxeologik qazilmalarda topilgan yodgorliklarda qo‘liga arfa ushlagan mashshoqlarning ta’riflangani bu kabi cholg‘u asboblarning qadimiyligidan dalolatdir. Yozma manbalarga ko‘ra, XV-XVII asrlardan boshlab "chang" sozi iborasi qo‘llanilgan, ungacha o‘zbek va tojik musiqa madaniyatida butunlay o‘zga soz, tirnab chalinadigan zamonaviy yevropacha arfaning bizda keng ishlatilgan kichik hajmdagi namunasi tushunilgan. Ammo XVII asrdan keyin bu qo‘l arfasi ijrochilikdan chiqa boshlagan va o‘rnini o‘zga soz - maxsus tayoqchalar bilan urib chalinadigan trapetsiya shaklidagi cholg‘u asbobi egalladi. Buni biz chang deymiz.

Arfa cholg‘usining vatani Misr hisoblanib, arab musiqasida "Qonun", Eronda "Santur" deb nomlanadi. O‘rta asrlarda musiqashunoslik fanining asoschisi Abu Nasr Muhammad Forobiyning yozishicha, bu cholg‘u samarqandlik Xulays ibn Axvas tomonidan Sug‘dda ixtiro qilingan bo‘lib, so‘ngra Bog‘dod va boshqa mamlakatlarga tarqalgan. Chang cholg‘usi arab, fors va turkiy adabiyotlarda chang, egri, chag‘ona, shudurg‘u, yaturg‘on singari atamalar bilan nomlangan.

Chang yakka cholg‘u sifatida va jarangdorligi bilan boshqa sozlardan ajralib turganligi sabab ko‘plab adabiy manbalarda uchraydi. Jumladan, Alisher Navoiyning "Sab’ai sayyor" dostonida "chang" iborasi qo‘l arfasini anglatgan bo‘lib, uning mohir ijrochisi sifatida Dilorom obrazi tasvirlangan. O‘sha davrlarga xos arfasimon chang deyarli xotin-qizlarga mansub cholg‘ulardan biri sifatida hatto eramizdan oldingi asrlardayoq ishlatilgan. Ushbu asarda changga quyidagi ta’rif beriladi:

Sarv qad olsa erdi maydin kom,

Nastarinni chu aylabon gulfon.

Chang olib torini tuzor edi,

Lek jon rishtasin uzor erdi!

Demagil chang, soliqni ham qad,

Chang qadlar bila bo‘lib hamqad.

Bo‘libon ul so‘liqdan muxbir,

Bosh qo‘yliqda bo‘lmog‘i zokir.

Mashhur chang ustalaridan Usmon Zufarov, Faxriddin Sodiqov, Fozil Xarratov, Ahmad Odilovlar iste’dodli sozandalar hisoblanadi. Bugungi kunda bu qadimgi musiqa asbobining sir-asrorlarini yoshlarga Samarqand ixtisoslashtirilgan san’at maktabi o‘qituvchisi Nazira Salohiddinova mehr bilan o‘rgatmoqda. Asosiysi, bu sozga qiziquvchi, uni qunt bilan o‘rganuvchi san’at ixlosmandlari talay.

Nargiza XO‘JAMQULOVA.